May 25, 2023

“Air Products” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi sanoat majmuasiga 1 milliard dollarlik sarmoya kiritmoqda

Ruscha

2023 yilning 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, “Air Products” va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Shartnomada “Air Products” kompaniyasi tomonidan 1 milliard dollarlik investitsiya evaziga Qashqadaryo viloyatida barpo etilgan “Uzbekistan GTL” zavodga tabiiy gazni qayta ishlash qurilmasini sotib olish va ishlatish nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 25 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi – "Uzbekistan GTL” majmuasi ishga tushirilgan edi. Ushbu majmua dunyoda beshinchi hisoblanadi. Bunga qadar Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika va Malayziyada ham shunday yirik majmualar qurilgan.

“O‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan mamlakat – O‘zbekistonda davlat ko‘magi bilan ushbu strategik hamkorlik orqali eng ilg‘or texnologiyalar va bilimlarimizni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu shartnoma “O‘zbekneftgaz” AJga yuqori sifatli arzon yoqilg‘i ishlab chiqarish imkonini beradi. Biz ushbu uzoq muddatli va barqaror sheriklikni rivojlantirishni kutmoqdamiz, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorliklarni rivojlantirish imkoniyatlaridan mamnunmiz", deb ta’kidladi "Air Products" kompaniyasining Direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasemi.

Shuningdek, "Air Products" kompaniyaning tajribasidan foydalanish orqali “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, zararli chiqindilarni kamaytirishga erishiladi.

Ma’lumot uchun qayd etish joizki, "Air Products" kompaniyasi dunyodagi yetakchi sanoat gazi ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanib, jahon bozorida 80 yildan ziyod vaqt davomida faoliyat yuritmoqda. Kompaniyaning asosiy faoliyati – atmosfera va texnologik gazlarni ishlab chiqarish va turli tarmoqlar, jumladan, neftni qayta ishlash va neft kimyosi uchun tegishli asbob-uskunalar ishlab chiqarishdan iborat.

Bundan tashqari, "Air Products" suyultirilgan gaz ishlab chiqarish texnologiyasi va uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblanadi, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab turbomashinalar, membrana tizimlari va kriogen konteynerlarni yetkazib beradi.

Kompaniya 2022 yilda 50 dan ortiq mamlakatlarda 12,7 mlrd dollarlik sotuvlarni amalga oshirdi va joriy bozor kapitallashuvi taxminan 60 mlrd dollarni tashkil etdi. "Air Products" kompaniyasining maqsadi – atrof-muhitga foyda keltiradigan innovatsion yechimlarni yaratish, barqaror rivojlanish uchun ishlash, mijozlar, hamjamiyat va dunyo oldida turgan muammolarni hal qilish imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan..

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|