August 12

7 oyda 72,9 mln kVt*soat elektr energiyasi va 34,48 mln kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isi tejaldi

Davlatimiz rahbarining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha tegishli qaror va topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJda ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Energiya va ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish natijasida joriy yilning 7 oyi mobaynida 72,9 mln kVt*soat elektr energiyasi tejaldi. Bu ko‘rsatkich rejaga nisbatan 132 foizni tashkil etdi.

Elektr energiyasi iste'moli iqtisodini ta'minlash uchun Jamiyat tasarrufidagi korxona va boshqarmalarda 323 dona chastotani rostlash qurilmasi, 10 dona reaktiv quvvatni kompesatsiyalash qurilmasi, 19 dona energiya tejamkor nasos agregati, 2 dona kompressor hamda 53 dona kompozit lopastlar o‘rnatildi.

Shuningdek, 29,3 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi, 113 900 litr quyosh suv isitgichlari, 652 dona quyosh panelli yoritish chiroqlari o‘rnatilib, 4 MVt GTES qurilmalarini ishlab chiqarish quvvatlari oshirildi.

Tabiiy gaz yoqilg‘isini tejashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida 34,48 mln kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isi tejaldi va rejaga nisbatan 101,5 foizni tashkil etdi.

Ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va optimallashtirish natijasida nafaqat energiya sarflari kamaytirildi, balki atrof-muhitga bo‘lgan ta'siri ham minimallashtirildi.

Ayni paytda zamonaviy texnologiyalar asosida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida 48 ming m³ chiqindi gazidan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha samarali loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha to‘liq ishga tushirilgandan keyin majmuada yiliga 36,8 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 14 297 tonna СO2 chiqindisini atmosferaga chiqishining oldi olinadi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida quvvati 7 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiya qurilmoqda, natijada yiliga 47 mln kVt/soat elektr ishlab chiqariladi.

Shuningdek, tizim korxona va boshqarmalarida jami quvvati 95 MVt yoki 190 MVt*soat bo‘lgan BESS (Battery Energy Storage System) energiya yig‘ish akkumulyator modullarini joriy etilmoqda.

Ushbu loyihalarni to‘liq amalga oshirish natijasida elektr energiyasi va yoqilg‘i gazidan samarali foydalanish, ekologik barqarorlik hamda ishlab chiqarish uzluksizligini ta'minlashga erishiladi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joiz, Jamiyat tomonidan 2025 yil yakuniga qadar 98,2 mln kVt*soat elektr energiyasi va 72 mln kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isini tejash rejalashtirilgan.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati