April 19

“S&P Global Ratings” vakillari zavodlar faoliyatini o‘rgandi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish va korporativ kredit reytingini yaxshilashga qaratilgan “Yil xarita”ga muvofiq reyting agentliklari va investorlar bilan muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonga tashrif buyurgan “S&P Global Ratings” agentligi vakillari “Uzbekistan GTL" zavodi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘lishdi.

Agentlik vakillariga mahsulotlarning ishlab chiqarish holati, sifat va standartlarga muvofiqligi, saqlash, sotish hamda iste’molchilarga yetkazib berilishi jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, "GTL" zavodining markaziy boshqaruv binosida joylashgan zamonaviy boshqaruv panellari orqali 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ekspluatatsiya qilish texnologik tizimi bilan yaqindan tanishdilar.

Bundan tashqari, zamonaviy markaziy laboratoriyalarda bo‘lib, xalqaro va milliy standartlarning yuqori talablariga javob beradigan tahlil jarayolarida ham qatnashdilar.

Qayd etish joizki, ayni paytda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Jamiyat korporativ kredit reytingini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish bo‘yicha Nazorat-rejasi asosida ishlar olib borilmoqda. 2024 yil I yarim yillik yakuni bilan moliyaviy holat, likvidlilik darajasini yaxshilash va kredit reytingini oshirishga erishish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook