10 ming tonna sanoat chiqindisi xom ashyo sifatida sotildi
Dunyo bo‘ylab atrof-muhit muhofazasiga bo‘lgan talab tobora kuchayib borayotganligi sabab, sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilish muammosi dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Chiqindilardan xom ashyo sifatida foydalanish ushbu muammoni hal qilishning samarali usullaridan biridir. Ularni qayta ishlash ham atrof-muhitga, ham iqtisodiyotga samara beradi.
Ishlab chiqarish chiqindilarining salbiy ta’siri hamda kompensatsiya to‘lovlarini kamaytirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqarma va korxonalar tomonidan o‘tgan yili shartnomalar asosida 9514,18 tonna sanoat chiqindilari 14599,23 million so‘mga foydalanishga topshirildi.
Jumladan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi 1331,18 tonna, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 598,1 tonna, Muborak gazni qayta ishlash zavodi 1066,7 tonna, “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi 2412,92 tonna sanoat chiqindilarini shartnoma asosida qayta foydalanish uchun yetkazib berildi.
Natijada atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldi olinib, chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari kamaytirildi.
Hozirda “O‘zbekneftgaz” AJda boshqa turdagi ishlab chiqarish chiqindilarini ikkilamchi foydalanishga sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.