April 8

ESG strategiyasi natijasida atmosferaga tashlanadigan chiqindilar sezilarli qisqardi

Ruscha

So‘nggi yillarda ekologik barqarorlik va ijtimoiy mas’uliyatni ta’minlash global miqyosda barcha yirik kompaniyalar oldida turgan ustuvor vazifalardan biriga aylandi. O‘zbekistonda ham ESG (Ecological, Social, Governance – Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) standartlarini joriy etish va amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu jumladan, "O‘zbekneftgaz" AJ ham ESG maqsadlarini strategik yo‘nalish sifatida belgilab, amaliy natijalarga erishmoqda. Jamiyat faoliyatida ekologik barqarorlik, ayniqsa, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qisqartirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Amaliy harakatlar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2021 yilda qabul qilingan ESG maqsadlariga ko‘ra, oltingugurt oksidi (SO₂) chiqindilarini 2030 yilga qadar bazaviy 2021 yil darajasidan 35 foizga kamaytirish belgilangan edi.

2023 yilda ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun Jamiyat korxonalarida 2030 yilgacha ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini bosqichma-bosqich kamaytirish bo‘yicha Harakatlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Reja doirasida mavjud texnologik uskunalarga modernizatsiya, ta’mirlash va yangi inshootni ishga tushirish ishlari amalga oshirildi. Muborak gazni qayta ishlash zavodida ishga tushirilgan yangi inshoot – soatiga 12000 metr kubgacha nordon gazni qabul qilib tozalaydigan oltingugurtni tozalash imkonini berdi. Bu qurilma ishlab chiqarish jarayonlaridagi zararli gazlarni tozalab, atmosferaga chiqariladigan SO₂ miqdorini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qildi.

ESG maqsadlari uchun amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida 2021 yilda 90 020,7 tonna bo‘lgan oltingugurt oksidi chiqindilari 2024 yilga kelib 37 675,2 tonnagacha kamaytirildi. Bu esa 58,1 foizga kamayish demakdir. Shu tariqa “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan belgilangan ESG maqsadlari muddatidan oldin to‘liq bajarildi.

Kelgusida ham atmosfera chiqindilarini yanada kamaytirish, qayta ishlash uskunalarini zamonaviylashtirish va energiya samaradorligini oshirish orqali atrof-muhitni muhofaza qilishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati