July 3, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Texnik xizmat ko‘rsatishda yangi yondashuvlar joriy etilmoqda

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJda “Ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish” loyihasini amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda. Dastur doirasida Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi rotatsion uskunalarni diagnostika qilish va asbob-uskunalarga haqiqiy texnik holatiga (HTH) ko‘ra, texnik xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda.

Ayni paytda ishlab chiqilgan muhandis-diagnost reja-jadvaliga asosan "Sharqiy Berdaq" siquv kompressor stansiyasi va gazni kompleks tayyorlash qurilmasi nasoslari hamda elektrodvigatellari diagnostikadan o‘tkazildi.

Hozirda boshqarmaga qarashli nasoslar, kompressorlar, ventilyatorlar va elektr dvigatellar kabi rotasion uskunalarni diagnostika qilish bo‘yicha ma’lumotlar to‘planmoqda. Muhandis-diagnostlar tomonidan vibrometr orqali ushbu toifadagi uskunalarning tebranish tezligi aniqlanmoqda. Bundan tashqari, teplovizor va pirometrlar orqali diagnostika qilinadigan elektr uskunalar ro‘yxati tuzilmoqda.

Rotatsion uskunalarning holati haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lingach, diagnostika qilinadigan uskunalarning yakuniy ro‘yxatini tasdiqlash rejalashtirilgan. Tasniflash natijalariga ko‘ra, rotasion uskunalarning bir qismi rejali-ogohlantiruvchi ta’mirlashdan (ROT) haqiqiy texnik holatiga ko‘ra ta’mirlashga o‘tkaziladi.

Bugungi kunda prediktiv texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish va tebranish parametrlarini tahlil qilish uchun vibroanalizator xarid qilindi. Ushbu asboblardan olingan ma’lumotlar texnik xizmat ko‘rsatishni samarali boshqarishning imkonini beradi.

Prediktiv texnik xizmat ko‘rsatish tizimi dastlab Buxoro neftni qayta ishlash zavodida sinov-tajriba sifatida qo‘llanilganda rotasion uskunalarni ta’mirlash oralig‘ini oshirilishiga erishildi. Shuningdek, ushbu tizim uskunada mumkin bo‘lgan nosozliklarni prognoz qilish imkonini ham yaratadi. Buning natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldi olinadi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|