"Е-kon” loyihasi uchun zarur uskunalar mahalliy korxonalar tomonidan yetkazilmoqda
Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Е-kon” loyihasini amalga tatbiq etish orqali konlardagi yer usti tizimlari raqamlashtirilib, yer osti bilan integratsiya qilinmoqda. Loyihaning ahamiyatini taqqoslash uchun aytish mumkinki, birgina “Janubiy Kemachi” konini raqamlashtirish hisobiga, yo‘qotish 3 foizga kamayib, yiliga 28 million kub metr qo‘shimcha gaz olishga erishildi.
Loyihani amalga oshirishda zarur bo‘lgan import tovarlarni kamaytirish maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning texnologik imkoniyatlari muntazam o‘rganilmoqda hamda buyurtmalar berilmoqda.
Jumladan, 2023 yil davomida “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ bilan Jamiyat o‘rtasida zavod va boshqarmalar ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan uskunalarni ishlab chiqarish va ta’mirlash xizmati uchun qariyb 54 mlrd. so‘mlik shartnoma rasmiylashtirdi. Joriy yilning birinchi choragida 27 dona bosim ostida ishlovchi uskuna ishlab chiqarildi va ta’mirlandi.
Xususan, ushbu zavod tomonidan 80 ta gazni dastlabki tayyorlash qurilmasiga jami 240 ta bosim ostida ishlovchi uskunalar va sig‘imlar ishlab chiqarilmoqda.
Bugun “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi ushbu zavodda bo‘lib, buyurtmalarni tayyorlash va yetkazib berish jarayonlari bilan tanishdi.
Qayd etish joizki, “O‘zbekkimyomash zavodi” AJga qarashli "UNGM-DR servis markazi" MCHJ qo‘shma korxonasida siquv kompressor stansiyalari va qurilmalarning kompressorlari va nasos agregatlari ehtiyot qismlarini ta’mirlash va ishlab chiqarish ishlari kengaytirilmoqda. Hozirgi vaqtda mazkur korxona bilan qariyb 7,5 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan.