May 23

“Dolzarb 30 kun” profilaktik oyligiga start berildi

O‘zbekcha Ўзбекча

Joriy yilning 20 may kunidan butun respublika bo‘ylab yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “Dolzarb 30 kun” profilaktik oyligiga start berildi. Ushbu oylik doirasida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ham xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan dastlabki chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, ishlab chiqarish bo‘linmalari va xo‘jalik ob’yektlarida mehnat muhofazasi, sanoat va yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi, birlamchi o‘t o‘chirish vositalari va avtomatik yong‘indan ogohlantirish tizimlarining texnik holati yuzasidan dastlabki tekshiruvlar boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, yong‘in xavfini kamaytirish maqsadida suyultirilgan gaz saqlanadigan idishlarni sovitish ishlari belgilangan grafik asosida amalga oshirilmoqda.

Oylikning ilk kunlaridayoq xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida taktik-amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi va amalga oshirilishi boshlandi. Ushbu mashg‘ulotlarda qutqaruv xizmatlari va majmua xodimlari shartli ravishda yuzaga kelgan yong‘inni bartaraf etish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish va xavfsiz hududga evakuatsiya qilish bo‘yicha harakatlarni sinovdan o‘tkazmoqda.

Oylik doirasidagi profilaktik va amaliy tadbirlar izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati