“O‘zbekneftgaz”: “SOCAR” kompaniyasi bilan personalni tayyorlash sohasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan imzolangan “Yo‘l xaritasi”da personalni tayyorlash, xodimlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yish vazifasi ham o‘rin olgan.
Mazkur “Yo‘l xarita”ning ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning aprel oyi oxirida “SOCAR” kompaniyasida personal bilan ishlash yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlar tajriba almashish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida “SOCAR” kompaniyasi xodimlari bilan “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va HR-departamenti vakillarining uchrashuvi tashkil etildi. Unda kompaniyalar o‘rtasida personal bilan ishlash, kadrlarni tanlash, o‘qitish va rag‘batlantirish bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda kompaniyalar o‘rtasida imzolangan “Yo‘l xarita” ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘ringa ega ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Ozarbayjon kompaniyasi xodimlari “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali, Buxoro neft-gaz sanoati kolleji va Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ham bo‘lishdi. Tashriflar davomida personal bilan ishlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob olishdi.
May oyida “SOCAR” kompaniyasi xodimlarining navbatdagi guruhini “O‘zbekneftgaz” AJga tashrifi kutilmoqda.