Germaniya banki bilan axborot almashish uchun elektron platforma yaratiladi
“O‘zbekneftgaz” AJ va Germaniyaning “Deutsche Bank AG” vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Germaniya banki delegatsiyasi “O‘zbeknenftgaz” AJda ayni paytda amalga oshirilayotgan loyihalar, transformatsiya jarayonlari, iqtisodiy barqarorlikka erishish borasida tadbiq etilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Shuningdek, xorijiy bank tomonidan kredit loyihalari riskini hisobga olish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sindikatlashgan kredit loyihasining joriy holati va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan xalqaro moliya bozoriga joylashtirilgan yevrobondlar bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar berildi.
Ayni paytda “Deutsche Bank AG” tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ bilan axborot almashish tezkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida elektron platforma yaratish bo‘yicha konsepsiya loyihasi tayyorlanmoqda. Kelgusida ushbu platforma O‘zbekiston investitsiya bozori jozibadorligini oshirish va sarmoyadorlarni jalb qilish, bank tomonidan taklif etiladigan moliyaviy instrumentlarni muhokama etish maydoniga aylanadi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida: “Deutsche Bank AG” aktivlari bo‘yicha Germaniyadagi eng yirik banklardan biri hisoblanadi. Valyuta bozorining asosiy ishtirokchisi bo‘lgan bank dunyoning 59 davlatidagi filial va vakolatxonalari orqali 28 million mijozga xizmat ko‘rsatmoqda.