October 16

Onkologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 400 nafardan ortiq ishchi-xodim onkologik kasalliklar oldini olishga qaratilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Loyiha davlatimiz rahbari va hukumat qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, zavodning ichki ijtimoiy dasturlari bo‘yicha joriy yil sentyabrdan boshlab ayol xodimlar uchun navbatdan tashqari ko‘riklar ham yo‘lga qo‘yilgan.

Ko‘riklar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. “Oila va nikoh” bo‘limi mutaxassislari zamonaviy diagnostika usullari — ekstragenital a’zolarning UTT, kolposkopiya va suyuq sitologiyadan foydalanishmoqda. Har bir xodim individual qabul qilinib, unga mutaxassis xulosasi taqdim etilmoqda.

Bunday kompleks yondashuv xavf omillarini erta aniqlash, shu orqali korxona jamoasidagi ayollar salomatligini muhofaza qilish imkonini beradi.

Hozirga qadar 403 nafar xotin-qiz profilaktik tadbirlardan o‘tgan bo‘ldi. Bu umumiy ishtirokchilarning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Barcha olingan biomateriallar laboratoriya tahlillariga yuborilgan. Ko‘riklar rejali ravishda davom etmoqda.

— “Xodimlarimizning salomatligi va farovonligi — nafaqat korporativ madaniyat elementi, balki zavodning barqaror rivojlanishi va ijtimoiy mas’uliyatining asosidir. Biz profilaktika va mehnat muhofazasi tizimini yanada mustahkamlash tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz,” — dedi korxona direktori Akbar Fozilov.

Buxoro NQIZ mehnat muhofazasi, kasalliklarning oldini olish va barcha xodimlar uchun xavfsiz, sog‘lom ish muhitini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli dasturlarni izchil amalga oshirmoqda.

“Buxoro NQIZ” MCHJ PR bo‘limi