Buxoro viloyatidagi tashkilotlarda Uglevodorodlar qazib chiqarish hamda mahsulot ishlab chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi B.Sidiqov boshchiligidagi “O‘zbekneftgaz” AJ departamentlari boshliqlaridan iborat Ishchi guruh Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida o‘rganishlar olib bormoqda.
Dastlab, Gazli gazni qayta ishlash zavodida O‘zbekiston Harbiylashtirilgan gaz xavfsizligi va otqinga qarshi qismining moddiy-texnik bazasini yangilash yo‘nalishidagi topshiriqlar ijrosi bo‘yicha tashkiliy ishlar, xususan hamkor tashkilotlar tomonidan qo‘llanilayotgan maxsus yong‘in va gazdan himoya kiyimlari, texnik vositalari ko‘zdan kechirildi.
Gazli gazni qayta ishlash zavodi qurilmalari ish holati bilan tanishildi va ularni barqaror ishlashini ta’minlash uchun 2025 yilda “Uchqir” siquv kompressor stansiyasi va gazni qayta ishlash qurilmalarini ta’mirlash rejalari ko‘rib chiqildi. Ta’mirlash ishlari vaqtida tabiiy gaz qazib chiqarish kamayishini minimum darjaga tushirish uchun ta’mir ishlarini parallel olib borish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, Buxoro viloyatida joylashgan tizim tashkilotlari rahbariyati ishtirokida 2024 yil yakunlari va 2025 yil rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda, viloyatdagi tashkilotlar rahbarlarining hisoboti tinglandi.
Gazli boshqarmasi konlarida 2025 yilda belgilangan geologik-texnik chora tadbirlar rejasi tadbirlar kesimida ko‘rib chiqilib muhokama qilindi. Tadbirlar doirasida quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’mirlash, texnologiya yo‘nalishida 5 ta konda 6 ta kichik kompressor stansiyalarini qurish loyihalariga mas’ul bo‘lgan tizim hamda pudratchi tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Doyaxotin konidagi bur qatlamlarida aniqlangan zahiralarni o‘zlashtirish tajribasini Qumli, Tayloq konlarida ham istiqbolligini sinab ko‘rish bo‘yicha hamkor tashkilotlarning ish rejalari tinglandi.
Gazli boshqarmasida ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallangan tadbirlar ijrosini qat’iy ta’minlash va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish lozimligi ta’kidlanib, bu boradagi ishlarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.