SUVNI ISROF QILMANG!
Suv bu – hayot demakdir. Inson hayotida suv eng muhim o‘rinni egallaydi. Nafaqat insoniyatning, balki butun borliq, tabiatning tirikligi ham suvga bog‘liq. Chunki suv ijtimoiy va maishiy hayotimizda beminnat yordamchisi, qondiruvchi va tozalovchi, insoniyat taraqqiyoti va tirikligining asosi hisoblanadi.
Unutmaslik kerakki, har qanday ne’matning ham tugash chegarasi, ya’ni oxiri bo‘ladi. Suvning ham vaqti kelib tugashi yoki kamayishi mumkin. Dunyo miqyosida taqchil ne’matga aylanayotgan, ba’zi davlatlarda oltindan-da, qimmat turadigan, yaqin kelajakda neftdan ham qimmatroq baholanishi bashorat qilingan SUVning qadriga yeta olmayapmiz.
Qurg‘oqchilikning qanchalik dahshatli ofat ekanini hamma yaxshi biladi. Toza ichimlik suvini ehtiyojdan tashqari ishlatish va huda-behudaga oqizib qo‘yish kabi holatlarning uchrayotgani o‘ta achinarli holdir.
Hozirgi paytda jami 470 million kishi suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan o‘lkalarda yashaydi. Sifatli ichimlik suvi yetishmasligidan jahonda yiliga o‘n million kishi kasallanib, nobud bo‘lmoqda. Biz suvni isrof qilib yurgan bir paytda shunday xalqlar borki, ichimlik suviga zor bo‘lib yashayapti, suvni nihoyatda qimmat bahoga sotib olyapti, uni uzoqdan tashib kelyapti. Suv olib kelguncha yo‘lda xavf-xatarlarga ham uchramoqda. Umuman, suv yo‘q joylarda yashayotgan, zovurlardagi oqava suvlarni ichayotgan odamlar bor. Quduq kovlasa, chuchuk suv chiqmayotgan, noiloj sho‘r suvni iste’mol qilishayapti. Biz bularni bilsak, ularning og‘ir ahvolini his qila olsak, bu ne’matning qanchalik muhimligini anglab olamiz.
So‘nggi yillarda tevarak atrof, yer, suv va havoda sezilarli ifloslanish holatlari kuzatilmoqda. Buning oldini olish, tabiatni muhofaza qilib, sog‘lom avlod uchun kurashish esa barchamizning burchimizdir.
Ma’lumot uchun: bir sutkada O‘zbekiston aholisiga 6 mln. 226 ming m/kub suv yetkazib beriladi. Respublika bo‘ylab jami 65.8 ming kilometr suv tarmoqlari o‘tkazilgan. 10 mingdan ortiq suv va oqova inshootlari mavjud. Shuningdek, suv quvurlari orqali suvni aholi xonadonlariga yetkazishda umumiy suvning 30 foizi yo‘qotiladi. Xorijiy davlatlar tajribasida bu ko‘rsatkich 10 foizdan pastni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz: suvlarni ifloslantirish, suvto‘plagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish, shuningdek suv ob’yektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun:
- fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (990 ming so‘mdan 1 mln 650 ming so‘mgacha);
- mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 650 ming so‘mdan 3 mln 300 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nizomiddin Toshpo‘latov, Ekologiya xavfsizligi bo‘limi bosh mutaxassisi