Javobgarlik chegarasi aniq boʻlsa, mavsumga tayyorgarlik ham puxta boʻladi
“Oʻzbekneftgaz” AJda Boshqaruv raisi ishtirokida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, ishlab chiqarish barqarorligi hamda tabiiy gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlarini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan tanqidiy-tahliliy yigʻilish oʻtkazildi.
Unda Prezidentimiz tomonidan yoqilgʻi-energetika sohasi oldiga qoʻyilgan vazifalar — aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, mavsumga tayyorgarlik ishlarini oʻz muddatida va sifatli yakunlash hamda avariyalarning oldini olish talablari asosiy mezon sifatida belgilandi.
Boshqaruv raisi taʼkidlaganidek, bugungi asosiy vazifa — ishlarni toʻgʻri tashkil etish, har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullarni aniq belgilash va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlikni amalda taʼminlashdan iborat. Shu maqsadda qazib chiqarish boshqarmalari, burgʻilash, taʼmirlash, texnologik obyektlar, elektr taʼminoti va kompressor stansiyalaridagi mavjud holatlar tahlil qilindi.
Yigʻilishda avariyaviy toʻxtalishlar alohida muhokama qilindi. Quvur va shleyflarda sizib chiqish holatlari, elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar, texnologik qurilma va uskunalardagi nosozliklar boshqarmalar kesimida koʻrib chiqilib, ularning har biri boʻyicha sabab va oqibat emas, balki oldini olish mexanizmlari asosiy eʼtibor markaziga qoʻyildi.
“Ishchi kuchi ham, mablagʻ ham yetarli boʻlgan sharoitda avariyasiz ishlashni taʼminlash — har bir rahbarning shaxsiy masʼuliyatidir”, — dedi Boshqaruv raisi. Mavsumga tayyorgarlik qogʻozdagi reja bilan emas, har bir obyektda amaliy natija, texnik shaylik va intizom bilan baholanishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Boshqaruv raisi avariyalar boʻyicha javobgarlik chegarasini aniq belgilash zarurligini qayd etdi. Jumladan, qazib chiqarish boshqarmalari quduqlarning ekspluatatsiyasi va kunlik barqaror ishlashi uchun masʼul boʻlishi, burgʻilash, taʼmirlash, sozlash, elektr taʼminoti va texnologik ishlar esa tegishli korxona va xizmatlar javobgarligi doirasida qatʼiy nazorat qilinishi belgilab qoʻyildi.
Shu asosda maxsus ishchi guruh tuzilib, sozlash va taʼmirlash ishlari, elektr taʼminoti, texnologik qurilmalar holati hamda kompressor stansiyalarining barqaror faoliyatini joylarda oʻrganish va aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, xodimlar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi 160 oʻrinli ishchilar yotoqxonasini tezroq fursatda qurib, sovuq mavsum oldidan foydalanishga topshirish, zarurligi aytildi.
Taʼkidlanganidek, Prezident topshiriqlariga hamohang ravishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikda eng muhim talab — masʼuliyatni umumiy gaplar bilan emas, aniq ijrochilar, muddatlar va natijalar bilan belgilashdir. "Zero, javobgarlik chegarasi aniq boʻlgan joyda ish ham puxta tashkil etiladi, mavsum ham barqaror oʻtadi", - dedi Boshqaruv raisi.