Uglevodorod hamkorligi: muvaffaqiyatli tajribadan yangi imkoniyatlargacha
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” anjumani doirasida “Uglevodorod hamkorligi: muvaffaqiyatli tajribadan yangi imkoniyatlargacha” mavzusida strategik muloqot bo‘lib o‘tdi.
Sessiya moderatori sifatida "S&P Global" kompaniyasining Yevrosiyo energetika tadqiqotlari bo‘limi rahbari Metyu Sayjers ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ Bosh geologi Nodir Muxutdinov, “SOCAR” vitse-prezidenti Arzu Javadova, “KazMunayGas” AJ rahbariyati vakillari, “ACWA Power”, “ILF Group”, “Topsoe A/S”, “Vision Invest” hamda boshqa yirik xalqaro kompaniyalar ekspertlari ma’ruza qildilar.
Ma’ruzachilar uglevodorod sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, infratuzilmani modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish hamda barqaror energetika ekotizimini shakllantirish masalalarini muhokama qildilar.
Muloqot davomida konlarni o‘zlashtirishning barcha bosqichlarida investitsiya platformalarini kengaytirish, yangi bozorlarda raqobatbardosh ustunliklarni shakllantirish, tartibga solish va operatsion xavflarni samarali boshqarish, shuningdek, uglerod izini qisqartirishga qaratilgan integratsiyalashgan yondashuvlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.