April 18

“Yaxshi dam, mehnatga hamdam!”

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ va Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida xodimlar salomatligini mustahkamlash hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbuslar natijasida navbatdagi bir guruh ishchi-xodimlar O‘zbekistonning madaniy boyliklari bilan tanishib, unutilmas taassurotlar bilan qaytdilar.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi xodimlari Yakkabog‘ tumanidagi “Temur avlodlari” oromgohida tog‘ iqlim sharoitida salomatliklarini tikladi. Toza havo, sokin tabiat va qulay sharoitlar xodimlarga kuch-quvvat bag‘ishladi.

Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirish va mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosi bilan tanishtirish maqsadida Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy” majmuasi va boshqa tarixiy qadamjolarga sayohat qilishdi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan Samarqand shahrining diqqatga sazovar joylariga xotin-qizlar uchun sayohat uyushtirildi. Tarixiy obidalar ziyorati xodimlarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas xotiralar taqdim etdi.

Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi xodimlari Shahrisabzdagi “Beruniy” bolalar oromgohida dam olishib, shahar bo‘ylab sayohat qilishdi, tarixiy joylar bilan tanishtirildi.

Mamlakatimiz bo‘ylab sayohatlar orqali ishchi-xodimlarning mehnatga bo‘lgan munosabatini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu tadbirlarga barcha xodimlar qamrab olinadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati