June 15, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida modernizatsiya va rejali kapital ta’mirlash ishlari olib borildi

Ruscha

Buxoro neftni qayta ishlash zavodining Texnologik jarayonlarni boshqarishning avtomatik tizimi, Avariyaga qarshi avtomatik himoya tizimi hamda texnologik zonasida modernizatsiya qilish ishlari olib borildi.

Ma’lumot uchun qayd etish joizki, zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2016 yil 22 dekabrda qabul qilingan “Sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va ma’naviy eskirgan mashina-uskunalarini jadal yangilash, shuningdek, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

Modernizatsiyaning asosiy maqsadi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimining ishonchliligi va nosozliklarga chidamliligini oshirishdan iborat.

Jihozlarining xavfsizligi va ishonchliligini oshirish, mahsulotlarning sifatini yanada yaxshilash hamda ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlash maqsadida rejali kapital ta’mirlash ishlari ham bajarildi.

Texnologik qurilmalarni mukammal ta’mirlash davrida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

• Gaz kondensati va neft xom-ashyosi aralashmasini atmosfera bosimi ostida haydash va gidrotozalangan naftani fraksiyalash qurilmasida ta’mirlash ishlari olib borildi.

• Texnologik qurilmalarda joylashgan issiqlik almashinish apparati quvur to‘plamlari gidromexanik usulda tozalandi va bir qismi almashtirildi.

• Katalitik riforming blokidagi barcha reaktor qurilmalari, regenirator, sig‘imlari tozalandi va texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

• Gazlarni fraksiyalarga ajratish qurilmasidagi barcha sig‘imlar, ustunlar, issiqlik almashinish apparatlari tozalandi va bosim ostida suv bilan sinalib, texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

• Texnologik qurilmalarda joylashgan barcha reaktorlar, ustunlar, regenerator, akustik emissiya usuli yordamida tekshirildi va metallografiya qilindi.

O‘z navbatida, tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, almashtirilishi rejalashtirilgan katalizatorlar va kimyoviy reagentlar yangi turdagisiga almashtirildi.

Ta’kidlash joizki, amalga oshirilgan barcha ishlar xavfsizlik texnikasi, sanoat va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda kechayu kunduz tashkil etildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|