Hamkorlikning keyingi yo‘nalishlari belgilab olindi
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi va “Baker Hughes” kompaniyasining MDH davlatlari va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Burg‘ilash, zahiralarni baholash, konlarni o‘zlashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi ushbu kompaniya 120 dan ortiq mamlakatda o‘z faoliyatini olib boradi.
Uchrashuvda siquv komperssor stansiyalariga xizmat ko‘rsatish va burg‘ilash jarayonida qo‘llaniladigan yuqori sifatli qurilmalarni qo‘llash nazarda tutadigan amaldagi shartnomalar muhokama qilindi hamda hamkorlikning yangi imkoniyatlari belgilab olindi.
Muloqot chog‘ida tomonlar barqaror rivojlanish va yashil texnologiyalar sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlarga ham alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, kompaniya faoliyatida uglerod izini qisqartirish va ishlab chiqarish jarayonlarida energiya samaradorligini oshirish bilan bog‘liq loyihalar muhokama qilindi.
Har ikki kompaniya global muammolar sharoitida ekologiya va innovatsiyalar muhimligini ta’kidlab, hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.