“Intellektual olimpiada-2024” musobaqasi g‘oliblari Ozarbayjonda o‘qib qaytishdi
Avval xabar berilganidek, "Zakovat intellektual klubi” hamkorligida tashkil etilgan “Intellektual olimpiada-2024” musobaqasida 1-o‘rinni egallagan “O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparati xodimlaridan iborat jamoaga “Ernst&Young” biznes akademiyasida malaka oshirish imkoniyatini beruvchi sertifikat taqdim etilgan edi.
G‘oliblar Ozarbayjon Respublikasi Boku shahrida joylashgan akademiyada "EY Executive MBA: intensiv" kompleks dasturi doirasida biznes, strategiya va moliya sohalaridagi asosiy boshqaruv ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.
O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilarga zamonaviy biznes muhiti, muammolarni hal qilishdagi strategik yondashuvlar va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha amaliy bilimlar berildi.
Strategik qarorlar qabul qilishning yangi usullari va biznesning dinamik muhitiga moslashish mavzusida ham saboqlar o‘tkazildi.
Shuningdek, risk-menejment bo‘yicha turbulentlik va noma'lumlik sharoitida strategik stsenariylar rejalashtirish, risklarni baholash va ularni minimizatsiya qilish usullari o‘rgatildi.
Moliya menejmenti bo‘yicha tahlil, qarorlar qabul qilish, rahbarlar uchun raqamli marketing, Power BI va sun'iy intellekt yordamida yetakchilik kompetentsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘nikmalari oshirildi.