Endi qazib chiqarishda ajralgan qatlam suvlari tozalanib, undan keng foydalaniladi
Global iqlim o‘zgarishi tufayli dunyo miqyosida suv resurslari tobora kamayib bormoqda. Bu esa, suvni tejash, uni qayta ishlatish masalasi naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “yashil iqtisodiyot” va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir ko‘plab tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan ham juda muhim loyiha amaliyotga joriy etildi.
Gap shundaki, "O‘zbekneftgaz" AJ Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti mutasaddilari mutaxassislar bilan hamkorlikda tabiiy gaz qazib olish jarayonida ajralib chiqadigan qatlam suvlarini tozalash va undan qayta foydalanishni yo‘lga qo‘yishdi. Bu suvlar maxsus qurilma orqali filtrlanib, texnik ehtiyojlar yoki cho‘l hududlarida ko‘kalamzorlashtirish, sug‘orish maqsadlarida qayta ishlatiladi.
Qayd etish joizki, bu loyiha Bosh vazirning konlarga qilgan navbatdagi amaliy tashriflaridan birida hukumat rahbari tomonidan berilgan taklif bo‘lib, shu vaqtga qadar pilot loyiha sifatida ko‘p sinovlardan o‘tkazildi. Xalqaro hamkorlar, ekologlar bilan ishlash natijasida ushbu tizimli muammoga ham iqtisodiy, ham ekologik yechim topildi.
Loyiha doirasida ilk bor Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 9-sonli gaz yig‘ish punktida Turkiyaning “BIOWATER” kompaniyasi bilan hamkorlikda maxsus qurilma o‘rnatilib, sinov tariqasida ishga tushirildi. Ushbu qurilma kuniga 100 tonna ifloslangan suvni tozalab, undan 80 tonnasini texnik yoki sug‘orish uchun yaroqli holatga keltiradi.
Mutaxassislar qurilmaga “teskari osmos” usulini ham joriy qildilar. Bu texnologiya orqali suv to‘liq mineralsizlantiriladi va ishlab chiqarish jarayonlarida zarur bo‘lgan toza suv talabini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash mumkin bo‘ladi.
Hozirda tozalangan suvdan ekin maydonlarini sug‘orish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tegishli ruxsatnomalar olindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ ushbu sinov natijalaridan kelib chiqib, bunday suv tozalash qurilmalarini o‘zining boshqa kon va zavodlarida ham keng joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu nafaqat suvni tejash, balki atrof muhit muhofazasi, tuproqning quruqlashishini bartaraf etish va mamlakatimiz ekologik barqarorligiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.