March 18

Ishchi guruh Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyatini oʻrganmoqda

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruhning Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan boshlandi.

Dastlab ishchi guruh "Kultak" konida boʻlib, joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan geologik-texnik tadbirlar ijrosi bilan tanishdi. Xususan, 86-sonli quduqni burgʻilash ishlari hamda 38-sonli quduqda olib borilayotgan mukammal taʼmirlash jarayonlari oʻrganildi.

Quduqlarda pudratchi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida burgʻilash va taʼmirlash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuni taʼkidlash joizki, ushbu konda izlov-qidiruv ishlari izchil davom ettirilib, yangi quduqlarni ishga tushirish orqali qazib chiqarish hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, gaz zaxiralarini samarali oʻzlashtirish maqsadida kichik kompressor stansiyasini qurish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Boshqaruv raisi tomonidan oʻrganishlar yakunida masullarga quduqlarda burgʻilash va taʼmirlash ishlarini jadallashtirish, kichik kompressor qurilmalarini xarid qilish jarayonlarini tezlashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilash boʻyicha masʼul rahbarlar va "Neftgaz injiniring" kompaniyasi rahbariyatiga tegishli topshiriqlar berildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati