Today

Qazib olishdagi har qanday imkoniyat ishga solinadi

Ayni damda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida joylashgan obyektlar ish jarayonlari bilan tanishish maqsadida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Kultak” konida boʻlib turishibdi.

Boshqaruv raisining topshirigʻi bilan “Kultak” konida yangi gaz yigʻish punkti hamda uzunligi 6 kilometr boʻlgan yuqori bosimli gaz quvurini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu infratuzilma yangi quduqlardan olinadigan yuqori bosimli gazni alohida yigʻish va Gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yoʻnaltirish imkonini beradi.

A.Sanginov bu yerda olib borilayotgan qurilish ishlarining borishini koʻzdan kechirib, gazni yigʻish va uzatish tizimini yangi quduqlarni ishga tushirish jarayoni bilan uygʻunlashtirish zarurligini qayd etdi. Masʼullarga qurilish-montaj ishlarini belgilangan grafik asosida tashkil etish, uskuna va materiallar taʼminotida uzilishlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.

Tizimdagi islohotlarda past bosimli quduqlardan olinayotgan tabiiy gazni ham samarali qazib olish va uni Gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga barqaror bosimda yetkazib berish masalasiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun “Kultak” konida umumiy quvvati 4,8 MVt boʻlgan, uchta blokdan iborat kichik kompressor stansiyasi qurilmoqda.

Qurilish ishlari bilan tanishgan Abdugʻani Sanginov kompressor stansiyasi jarayonlarni texnik talablarga muvofiq bajarilishi, qurilish va montaj ishlarini oʻzaro muvofiqlashtirish hamda obyektni belgilangan muddatlarda ishga tayyorlash muhimligini taʼkidladi.

Boshqaruv raisi ushbu obyektlardagi jarayonlarni yagona texnologik zanjir sifatida tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Zero, yangi quduqni ishga tushirishning oʻzi yetarli emas — undan olinadigan gazni yigʻish, tashish va qayta ishlashgacha boʻlgan barcha bosqichlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi kerak, deya qayd etdi Sanginov. Shu bois qurilish-montaj ishlarini muvofiqlashtirish, zarur uskuna va materiallar taʼminotini taʼminlash hamda belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya etish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi. Oʻrganishlar davom etmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati