Today

Kuz-qish: mavsumga tayyorgarlikning hal qiluvchi 30 kuni boshlandi

Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda tizim korxonalari va boshqarmalari kesimida amalga oshirilgan ishlar, qazib chiqarish ko‘rsatkichlari hamda mavsumda iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash masalalari tahliliy ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, yil boshidan buyon gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan katta xajmda amaliy ishlar bajarildi. Bu uchun zaxira va moliyaviy mablag‘ mavjud bo‘lsada ayrim yo‘nalishlarda ko‘rsatkichlar risoladagidek emasligi afsus bilan tilga olindi. Endi asosiy e’tiborni ishning eng quyi bo‘g‘ini — konlar, quduqlar va ularga bevosita mas’ul mutaxassislar faoliyatiga qaratish kerakligi ta’kidlandi.

— Qaerda xato qilyapmiz? Natijalarga erishish uchun yana qanday chora-tadbirlar qilishimiz kerak? Qish tobora yaqinlashmoqda, xalqimizga esa gaz kerak— deya ta’kidladi Boshqaruv raisi. Endi yuqori bo‘g‘inda qaror qabul qilishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Har bir topshiriq konga, har bir quduqqa yetib borishi va natijasi o‘lchanishi kerak.

Yig‘ilishda bu borada Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida har bir quduq bo‘yicha gaz qazib chiqarishga mas’ul xodimlarning mehnat natijasini KPI orqali baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani alohida qayd etildi. Endi ushbu yondashuvni Jamiyatning barcha qazib chiqarish boshqarmalariga tajriba tariqasida joriy etish topshirig‘i qo‘yildi. Shu bilan birga, bazaviy qazib chiqarish hajmini saqlab qolgan va uning pasayishiga yo‘l qo‘ymagan boshqarmalarni har oylik rag‘batlantirish tizimi orqali qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish belgilandi. Bu yondashuvning maqsadi — mavjud imkoniyatni yo‘qotmaslik, har bir ishlab turgan quduqning samaradorligini oshirish va qazib chiqarishdagi pasayishni to‘xtatish.

Kuz-qish mavsumi uchun har bir kub metr gaz muhim. Shu bois yig‘ilishda chuqur quduqlarni o‘zlashtirish, quduqlar fondi bilan ishlash, xorijiy hamkorlar bilan yangi konstruksiya asosida burg‘ilash va yangi quduqlarni ishga ulash ishlarini jadallashtirish, chegara hududidagi quduqlardan sanoat miqyosida gaz olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda boshqarmalar, loyiha institutlari, geologlar, qazib chiqaruvchilar, dispetcherlik xizmati hamda xorijlik hamkorlar bilan birgalikda ishchi guruhlar tuzib, quyi bo‘g‘in holatini joyida tanqidiy, tahliliy o‘rganish, faoliyatni nazorat qilish, quduqlar debitining pasayishini tahlil qilish hamda ekspluatatsiya vazifalari topshirilib ertadan boshlab o‘rinbosarlar boshchiligida joylarda o‘rganishlar olib borish bildirildi.

Shuningdek, kichik kompressor stansiyalarning olib kelinishini nazoratga olish, unga qadar maydonlarni tayyorlash, “M-25” konida qulay ob-havo sharoitidan samarali foydalanib, yer ishlarini tezlashtirish topshirildi.

Bundan tashqari, "Gissarneftgaz" qo‘shma korxonasida amalga oshirilgan islohotlar samarasi ham alohida qayd etildi. Xususan, islohotlar natijasida neft va gaz kondensatini qazib chiqarish hajmi ikki barobarga oshgani ta’kidlandi. Yanvar–avgust oylarida qazib chiqarish rejasining bajarilishi 61 foiz darajasida qolgani tanqidiy baholandi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni kamida 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari sentabr oyining ikkinchi o‘n besh kunligiga reja qilingan yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjud quduqlar debitini barqaror saqlash, qazib chiqarish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va avariyaviy to‘xtalishlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati