May 4, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Mutaxassislar “Schlumberger” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro forumda taqdimot o‘tkazishdi

Ruscha

Toshkent shahridagi “Wyndham” mehmonxonasida “Kaspiy texnologik kun: Raqamli ipak yo‘li, SLB 2023” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu forum “Schlumberger” kompaniyasi hamda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi davlatlarning “O‘zbekneftgaz”, “Kazmunaygaz”, “North Caspian Operating Company”, “Karachaganak Petroleum Operating” kabi 20 dan ortiq yetakchi kompaniyalarning 180 dan ortiq vakillari ishtirok etishdi.

Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ va “Schlumberger” kompaniyasi mutaxassislari turli mintaqaviy va xalqaro forumlarda birgalikda o‘zlarining ilmiy-amaliy tadqiqotlari bilan ishtirok etib kelishmoqda.

Ushbu tadbirda ishtirokchi kompaniyalarning “Schlumberger” bilan birgalikda amalga oshirgan loyihalari natijalari bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Modellashtirish markazi mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha uchta hisobot taqdim etildi.

Modellashtirish markazi neft va gaz konlarini ishlatishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishning yechimlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Bugungi kunda Markaz tomonidan O‘zbekiston neft va gaz sanoatining qariyb 120 yillik tarixi davomida to‘plangan ma’lumotlar raqamlashtirilib, Milliy ma’lumotlar bazasi ham yaratilgan.

Ma’lumot uchun: Ushbu Markaz tashkil etilgandan boshlab 4 yil davomida 120 ta konning uch o‘lchamli raqamli geologik, 75 ta gidrodinamik, 40 ta gaz quvurining tarmoq modellari ishlab chiqildi.

Bunday Modellashtirish markazlari “Saudi Aramco”, “ExxonMobil”, “BP”, “Shell” kabi jahonning ko‘plab yetakchi neft va gaz kompaniyalarida mavjud bo‘lib, ulardan ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, harajatlarni optimallashtirish va neft va gaz ishlab chiqarishni jarayonlarini yaxshilash uchun foydalaniladi.

“O‘zbekneftgaz” AJga tegishli bo‘lgan uglevodorod konlarining yer osti qismlari to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga asosan konlardan tabiiy gazni qazib chiqarish va uzatish jarayonlarini, ya’ni yer usti tizimlarini raqamlashtirish va uni yer osti bilan integrasiya qilish bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “E-KON” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha orqali zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb qilgan holda uglevodorod konlaridan tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilgan.

– Bugungi kunga kelib, biz integratsiyalashtirilgan modellashtirishning eng murakkab vazifalaridan birini bajarishga kirishdik, uning mohiyati neft va gaz konlarining yer osti va yer usti qismlarini birlashtirish va ularni tahlil qilishdan iborat, - deydi Konlarni ishlatish departamentining Modellashtirish markazi boshlig‘i Ravshan Gulamov forumdagi ma’ruzasida.

Ravshan Gulamov o‘z taqdimotida ishtirokchilarni “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan gaz qazib olish hajmlarini ko‘paytirish, konlarni ishlash rejimlarini yaxshilash, yangi quduqlarni burg‘ilash uchun optimal joylarni topish va konlarni ishlatishni uzoq muddatli rejalarini ishlab chiqish ustida olib borilayotgan izlanishlar bilan tanishtirdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|