October 23

Konlardan tabiiy gaz qazib olishda inson omili maksimal darajada kamaytirilmoqda

Ruscha

AOKAda o‘tkazilgan brifingda qazib chiqarish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha "E-KON" loyihasi va bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xabaringiz bor, "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi konlarda "Raqamli kon konsepsiyasi" doirasida "E-KON" loyihasi amalga oshirilmoqda.

“E-KON” — bu konlar va quduqlarni raqamlashtirish maqsadida joriy etilgan innovatsion raqamli dastur. Loyiha doirasida konlarning ish rejimi va mahsuldorligi haqidagi ma’lumotlarni onlayn monitoring qilish va boshqarish imkoni yaratildi.

Taqqoslash uchun aytish mumkinki, birgina “Janubiy Kemachi” konini raqamlashtirish hisobiga, yo‘qotish 3 foizga kamayib, yiliga 28 million kub metr qo‘shimcha gaz olishga erishildi.

2020 yilda "O‘zLITIneftgaz" AJ katta tajribaga ega kompaniya sifatida "E-KON" loyihasini amalga oshirish uchun tanlandi.

Hozirgi kunda Sho‘rtan, Muborak, Gazli va Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida jami 4500 ortiq bosim va haroratni o‘lchash moslamalaridan har 5 daqiqada quduqning ishlash holati ko‘rsatkichlari qabul qilib olinib, tarixi yozib borilmokda. Buning uchun 86 ta aloqa stansiyasi o‘rnatildi. Barcha quduqlar raqamlashtirilib dasturiy ta’minotga ulandi.

Konlardagi gaz yig‘uv joylarida muhandis operator yangi lavozimi joriy qilinib, quduqlarda qazib chiqarish raqamlashtirilgan boshqaruvi yo‘lga qo‘yildi.

Keyingi bosqichda yana 80 ta gaz yig‘ish joyida tabiiy gazni dastlabki tayyorlash va uning sarfini o‘lchash qurilmalarini o‘rnatish, ulardan ma’lumot yig‘ish, tahlil qilish, boshqarish uchun yagona dasturiy tizimni ishlab chiqish rejalashtirgan.

Ushbu tizim konlardan tabiiy gaz qazib olishda inson omilini maksimal darajada kamaytirish imkoniyatini ko‘rsatdi. “O‘zbekneftgaz” AJning barcha konlarida tadbiq etilgach, mutaxassislarda gaz qazib olishni optimallashtirish bo‘yicha tezkor qarorlarni qabul qilish ko‘nikma va malakalarini oshirish, neft va gaz operatsiyalarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook