July 8

Kuchli jamoa — munosib mehnat sharoitidan boshlanadi

"Kuchimiz — birlikda, huquqimiz — hamjihatlikda". Bugun ushbu shior nafaqat kasaba uyushmasi harakatining asosiy tamoyili, balki “Oʻzbekneftgaz” tizimida inson manfaatini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ijtimoiy siyosatning amaliy ifodasiga aylandi.

Jamiyatda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlarida ishlab chiqarish samaradorligi, iqtisodiy barqarorlik va raqobatbardoshlik qanchalik muhim boʻlsa, inson kapitaliga sarmoya kiritish ham shunchalik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash "Oʻzbekneftgaz" AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi faoliyatining bosh mezoniga aylangan.

2026-yilning birinchi yarmida bu borada amalga oshirilgan ishlar ana shu yondashuvning amaldagi natijasini yana bir bor namoyon qildi.

Huquq himoyasi — mehnat samaradorligining mustahkam asosi

Bugungi kunda Birlashgan kasaba uyushmasi tizimi tarkibidagi 30 ta korxona va tashkilotda mehnat qilayotgan 23 893 nafar xodimni qamrab olgan boʻlib, ularning deyarli barchasi kasaba uyushmasi aʼzosidir. Hisobot davrida tizimga yana 5 670 nafar yangi aʼzo qabul qilinib, "Oʻzbekgeofizika" AJ, "Neftgaz injiniring" MCHJ va "Neftgazmontaj" MCHJ xodimlari ham yagona ijtimoiy himoya tizimiga qoʻshildi.

Hisobot davrida mehnat munosabatlari bilan bogʻliq 1 105 ta murojaat koʻrib chiqildi va ularning 82 foizi ijobiy hal etildi. Shuningdek, 1 060 nafar xodimga huquqiy maslahat berildi, 33 ta mehnat nizosi oʻrganilib, 40 ta masala sudgacha boʻlgan tartibda hal qilindi. Kasaba uyushmasi vakillari 634 ta qisqartirish va attestatsiya jarayonida ishtirok etib, xodimlarning qonuniy huquqlari taʼminlanishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirdi.

Jamoa shartnomalari — ijtimoiy barqarorlik kafolati

Mehnat munosabatlarida oʻzaro ishonchni mustahkamlashda jamoa shartnomalari muhim oʻrin tutadi. Hisobot davrida 12 ta boʻlinmada monitoring oʻtkazilib, aniqlangan 28 ta kamchilikning barchasi bartaraf etildi. Mehnat sharoitlari, ijtimoiy kafolatlar, moddiy ragʻbatlantirish va xodimlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari doimiy nazoratda saqlandi.

Aniqlangan muammolar yuzasidan Jamiyat rahbariyatiga tegishli taqdimnomalar kiritilib, ularning ijrosi taʼminlandi.

Ijtimoiy himoya raqamlarda

Hisobot davrida ijtimoiy himoya va moddiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlari uchun jami 5 milliard 396 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Jumladan:

• 1 952 nafar xodimga 2,686 mlrd soʻm moddiy yordam;

• 1 225 nafar xodimga 2,072 mlrd soʻm davolanish xarajatlari uchun koʻmak;

• 733 ta ehtiyojmand oilaga 584 mln soʻm;

• favqulodda vaziyatga tushgan 10 nafar fuqaroga 54 mln soʻm yordam koʻrsatildi.

Shuningdek, xodimlar birinchi nikohi, farzand tugʻilishi, farzandlari nikohi yoki yaqinlarini yoʻqotgan ogʻir kunlarda ham manzilli ijtimoiy koʻmak bilan qoʻllab-quvvatlandi.

Xavfsiz mehnat — eng muhim ustuvor vazifa

Neft-gaz sanoatida xavfsizlik birinchi oʻrinda turadi. Shu bois mehnat muhofazasi sohasida profilaktika ishlari yanada kuchaytirildi.

Yarim yil davomida 33 ta kompleks tekshiruv va 437 ta jamoatchilik nazorati tadbiri oʻtkazildi. Natijada 1 822 ta qoidabuzarlik aniqlanib, ularning 1 023 tasi bartaraf etildi.

8 006 nafar xodim tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularga 7 444 dona maxsus kiyim, 5 811 juft maxsus oyoq kiyimi va 37 170 juft himoya qoʻlqoplari tarqatildi.

Eng muhimi, hisobot davrida ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar qayd etilmagani profilaktik tadbirlar samaradorligini yaqqol namoyon etdi.

Yashash sharoitlarini yaxshilash — insonga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasi

Soʻnggi yillarda ishchi-xodimlarning yashash sharoitlarini tubdan yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tizimdagi 135 ta yotoqxona va 32 ta vagon turidagi turar joylarda 3 537 nafar xodim uchun munosib yashash sharoiti yaratilgan.

Hisobot davrida 4 ta yotoqxona va 10 ta vagon uy toʻliq taʼmirlandi. Ayni paytda yana 14 ta yotoqxona va 2 ta vagon uyda rekonstruksiya ishlari davom etmoqda.

Belgilangan rejaga muvofiq, joriy yilning toʻqqiz oyligi yakuniga qadar taʼmirtalab 26 ta yotoqxona va 17 ta vagon uy toʻliq zamonaviy koʻrinishga keltiriladi.

Shu bilan birga, kasaba uyushmasi mablagʻlari hisobidan 4 500 dona sochiq va 5 000 dona choyshab xarid qilinib, xodimlarning ushbu ehtiyojlari toʻliq taʼminlandi.

Sifatli ovqatlanish va salomatlikka eʼtibor

Ishlab chiqarish samaradorligi, avvalo, inson salomatligi bilan chambarchas bogʻliq.

Bugungi kunda 5 527 nafar xodim bir mahal, 6 818 nafar xodim esa uch mahal sifatli bepul issiq ovqat bilan taʼminlanmoqda.

Sogʻlomlashtirish ishlari ham keng qamrovda tashkil etildi. Hisobot davrida 5 354 nafar xodim va ularning oila aʼzolari sanatoriy va dam olish maskanlarida sogʻlomlashtirildi. 3 540 nafar bolaning yozgi taʼtili mazmunli tashkil etildi, qariyb 2 ming nafar ishchi-xodim esa Jamiyat tizimidagi va mahalliy sogʻlomlashtirish muassasalarida dam oldi.

Bu ishlarga jami 16 milliard 225 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, uning 6 milliard 856 million soʻmi kasaba uyushmasi mablagʻlari hisobiga qoplandi.

Faqat ish emas, mazmunli hayot ham

Kasaba uyushmasi faoliyati faqat ijtimoiy himoya bilan cheklanib qolmayapti.

Hisobot davrida bayram tadbirlari, sport musobaqalari, teatr va muzeylarga tashriflar, konsert dasturlari hamda turistik sayohatlarda jami 45 ming nafardan ortiq xodim va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari uchun 9 milliard 932 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Bu kabi tashabbuslar jamoada korporativ madaniyatni mustahkamlash, hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Yangi bosqich sari

Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi oldidagi navbatdagi vazifalar ham aniq belgilangan.

Yaqin istiqbolda tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, yagona elektron platformani joriy etish, mehnat muhofazasi tizimini yanada takomillashtirish, sanatoriy va dam olish maskanlari infratuzilmasini kengaytirish ishlari davom ettiriladi.

Shuningdek, 2026–2028-yillarga moʻljallangan "Sogʻlom xodim", "Yosh mutaxassis", "Raqamli xodim", "Oila qadriyati", "Ayollar liderligi", "Oʻz uy-joyim", "Yashil energiya — yashil hayot" kabi yirik ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Inson kapitali har qanday taraqqiyotning eng katta boyligidir. "Oʻzbekneftgaz" tizimida amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlar ham aynan shu gʻoyaga xizmat qilmoqda. Xodim oʻzini himoyalangan, qadrlangan va qoʻllab-quvvatlangan jamoada mehnat qilar ekan, uning mehnat unumdorligi, tashabbuskorligi va kompaniya rivojiga qoʻshayotgan hissasi ham ortib boradi.

Shu maʼnoda Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi nafaqat xodimlar huquqlarining ishonchli himoyachisi, balki inson qadrini yuksaltirish, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash va kuchli korporativ madaniyatni shakllantirishda muhim tayanchga aylanmoqda.

Habibulla Azizov

BKUQ raisi oʻrinbosari