March 19

Muborak gazni qayta ishlash zavodida Mexanika markazi tashkil etiladi

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodida oʻtkazilayotgan yigʻilishda korxona faoliyati, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari va ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilinmoqda.

“Dolzarb 100 kunlik” dasturi asosida ishlarni tashkil etish va har bir yoʻnalishda qilingan ishlar koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari — barqaror kondensat, suyultirilgan gaz va oltingugurt mahsulotlari kesimida birinchi chorak natijalari tanqidiy tahlil qilindi.

Mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, qayta ishlash quvvatlaridan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Boshqaruv raisi yigʻilish davomida alohida taʼkidlaganidek, bugungi avlod zimmasida katta masʼuliyat yotibdi.

“Ota-bobolarimiz bizga ulkan meros — neft va gazni qazib olish hamda qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik korxonalar, zavod va boshqarmalarni qoldirgan. Bu — faqat sanoat obyektlari emas, balki ularning mehnati, tajribasi va ishonchining ifodasidir.

Endi savol tugʻiladi: biz kelajak avlodga nima qoldiramiz? Shu bois, bugungi kunda oldimizga qoʻyilayotgan eng muhim vazifa — mavjud korxonalarni saqlab qolish emas, balki ularni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, texnologik jihatdan yangilash va yanada rivojlantirishdir.”

Zavod hududida zamonaviy mexanika markazni tashkil etish orqali import va mahalliy korxonalardan xarid qilinayotgan mahsulot va xizmatlarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish boʻyicha qatʼiy vazifalar belgilandi.

Loyiha doirasida 60 dan ziyod zamonaviy raqamlashtirilgan uskunalar oʻrnatilishi, 100 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda, 12 mingdan ziyod turdagi mexanik buyumlar va ularni taʼmirlash xizmatlari tashkil etiladi. Natijada yiliga 15 mlrd soʻm iqtisodiy samaradorlikka erishiladi va mahsulot xaridi qiymati 13 - 15 foizga arzonlashtiriladi.

Uchrashuvda Boshqaruv raisi tomonidan mazkur markazni zavod taʼminot bazasi hududida joylashtirish taklifini maʼqullash, tezkor fursatda texnik topshiriq ishlab chiqish, loyiha hujjatlarini tayyorlash va qurilish-montaj ishlarini boshlash boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Hozirda yigʻilish davom etmoqda.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati