“Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari aniqlandi
Bilimga chanqoq yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar ularning intellektual faoliyatini oshirib, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJda yoshlar orasida intellektual muhitning jadal rivojlanishi kuzatilmoqda. Jamiyatda keng tarqalgan “Zakovat” intellektual o‘yini yoshlarning bilimlarini namoyon qilish va yangi salohiyatlarni kashf etishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Energetika haftaligi doirasida Jamiyat tizim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan Intellektual olimpiadaning “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bu bosqichda hududiy saralashdan o‘tgan 20 ta jamoa ishtirok etdi va quyidagi natijalar qayd etildi:
• I-o‘rin — “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasi
• II-o‘rin — “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ jamoasi
• III-o‘rin — “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ jamoasi
Final bosqichida yuqori natijalarga erishgan g‘olib jamoalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular Intellektual olimpiadadagi umumiy hisob uchun muhim ochkolarga ega bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasidagi intellektual faoliyatning yanada rivojlanishi uchun “Zakovat” kabi musobaqalar muhim ahamiyatga ega. Bu o‘yin yoshlarning bilimga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirib, ularni zamonaviy texnologik va ilmiy sohalarga qaratilgan tadqiqotlarga jalb etishda muhim rol o‘ynamoqda.