July 3

2023 yil uchun moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ kompaniyalar guruhi 2023 yil uchun Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS)ga muvofiq tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni mustaqil auditor (“Ernst & Young”) hisoboti bilan birga e’lon qildi.

Tushum

Guruhning tushumi 27 442 mlrd so‘mni tashkil etdi va bu 2022 yilga nisbatan 11,4 %ga ko‘pdir. 2023 yil noyabr oyidan tabiiy gaz tarifining oshishi va “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarish hajmining 2022 yilga nisbatan ortgani tushum dinamikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

“EBITDA”

“EBITDA” Guruhning 2023 yildagi operatsion rentabelligini aks ettiradi. U 13 505 mlrd so‘mni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 21 %ga yuqori (11 147 mlrd so‘m). “EBITDA” o‘sishining asosiy omili bo‘lib, “Uzbekistan GTL” tushumining 3 061 mlrd so‘mga oshishi hisoblanadi.

Shuningdek, qazib olingan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi (ishlab chiqarish xarajatlari)ni barqarorlashtirish, shuningdek, “EBITDA”ni 2022 yilga nisbatan 2 358 mlrd so‘mga sezilarli darajada oshirishga erishish choralari ko‘rildi. Xuddi shunday tendensiya 2024 yilning birinchi yarmida ham kuzatiladi.

Moliyaviy xarajatlar

Moliyaviy xarajatlarning 2023 yil uchun umumiy miqdori 2022 yilga nisbatan 1 737 mlrd so‘mga oshdi. Moliyaviy xarajatlarning 2023 yilda oshishining asosiy sababi jahon bozorlarida foiz stavkalarining sezilarli darajada ko‘tarilishi hisoblanadi, jumladan “SOFR” 25,3 %ga va “EURIBOR” 79,3 %ga oshdi.

Kurs farqlari bilan operatsiyalardan ko‘rilgan zarar 2022 yilga nisbatan 2023 yilda 3 024 mlrd so‘mga oshdi.

Ushbu xarajatlar o‘sishning asosiy omili bo‘lib, 2023 yil davomida xorijiy valyutaning o‘zbek so‘miga nisbatan kursining sezilarli darajada oshishi hisoblanadi. AQSH dollari kursining 2023 yilda o‘sishi 1113,3 so‘mga yoki 9,92 %ni tashkil etdi. Yevro kursi 1770,0 so‘mga yoki 14,80 %ni tashkil qildi (2022 yilda AQSH dollari kursining o‘sishi 387,8 so‘mga yoki 3,6 %ni tashkil qilgan, yevro kursi esa pasaygan 263,0 so‘mga yoki 2,2 %ni tashkil qilgan).

Sof foyda

“EBITDA” ko‘rsatkichining 2023 yilda 2022 yilga nisbatan 21 %ga oshganiga qaramay, sof foyda 78 %ga kamaydi.

Sof foydaning kamayishi ko‘p jihatdan valyuta kursidan kelib chiqqan moliyaviy xarajatlar va yuqorida tavsiflangan jahon bozorlarida foiz stavkalarining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, sof foydaga erishishda pul oqimini samarali boshqarish orqali debitorlik qarzlarining qisqarishi ijobiy ta’sir qildi.

Operatsion samaradorlik

Ta’kidlash joizki, samaradorlik va ishlab chiqarish hajmini oshirish, shu jumladan “Uzbekistan GTL” operatsion quvvatini oshirish asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlar - daromadlar va “EBITDA” o‘sishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, operatsion ko‘rsatkichlar 2022 yildagi 26 %dan 2023 yil oxirida 29 %gacha o‘sdi va Guruhning to‘lov qobiliyati ham yaxshilandi. Shuning uchun agar 2022 yilda kompaniyaning joriy majburiyatlari joriy aktivlardan 7 011 milliard so‘mga oshgan bo‘lsa, 2023 yilda joriy aktivlar joriy majburiyatlardan 1 045 mlrd so‘mga oshdi.

2023 yilning ikkinchi yarmidan boshlab foiz stavkalarining oshishi munosabati bilan Guruh o‘z e’tiborini umumiy qarz yukini kamaytirishga qaratdi – sof moliyaviy qarz umumiy hisobda 742 milliard so‘mga qisqardi. Shu bilan birga, foiz xarajatlarining o‘sishi suzib yuruvchi “SOFR” va “EURIBOR” stavkalarining oshishi natijasida yuzaga keldi.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari

Guruhni yanada moliyaviy sog‘lomlashtirish maqsadida tabiiy gaz narxi 2023 yil 15 noyabrdan boshlab 340 so‘mdan 450 so‘mga, 2024 yil 30 mayidan 600 so‘mgacha oshirildi shuningdek, Guruh oldiga 2024 yilda ishlab chiqarish xarajatlarini 1 trln so‘mga optimallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, hukumat tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJning asosiy kontragentlariga ularning kreditorlik qarzlarini qoplash maqsadida tabiiy gaz uchun to‘lovlarni moliyalashtirish tashkil qilindi. Xususan, 2023 yilda 1,8 trillion so‘m va 2024 yilning 1-choragida 2,7 trillion so‘m miqdorida to‘lovlar amalga oshirildi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida 2024 yilda “O‘ztransgaz”AJning “Uz-Kor Gas Chemical” QK oldidagi qarzdorligini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

Buning natijasida bitimning barcha ishtirokchilarining aktivlar va majburiyatlari tarkibi takomillashdi. “O‘zbekneftgaz” AJ kredit reytingiga ijobiy ta’sir etadi (FFO/DEBT ko‘rsatkichi yaxshilanadi) va moliyaviy holati boshqa Jamiyatlar daromadi hisobiga yaxshilanadi.

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha hisob va hisobot metodologiyasi bo‘limi

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook