"Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” doirasida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi
Har yili 25-noyabrdan 10-dekabrgacha o‘tkaziladigan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” global tashabbusi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashabbusi bilan tizimdagi barcha boshqarma va korxonalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, zo‘ravonlikning oldini olish, huquqiy savodxonlikni oshirish va gender tenglikni mustahkamlashga qaratildi. Tadbirlar mamlakatimizda ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan izchil davlat siyosati bilan hamohang tarzda amalga oshirildi.
“Uzbekistan GTL” MChJ, Sho‘rtan, Muborak, Ustyurt va Gazli neft-gaz qazib chiqarish boshqarmalari, I.M. Gubkin nomidagi universitetning Toshkent filialida, “O‘zneftegazburg‘ulash ishlari”, “Muborakneftgaz–Suvta’minot”, “Neft Gaz Bino Inshoot” MChJlari hamda neft bazalarida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda zo‘ravonlikning oldini olishga oid masalalar keng muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda viloyat va tuman hokimliklari oila va xotin-qizlar bo‘limlari mutasaddilari, Ichki ishlar organlarining profilaktika bo‘limlari vakillari ishtirok etib, zo‘ravonlikning turlari, ularning oqibatlari, kiberzo‘ravonlikning zamonaviy ko‘rinishlari, oilaviy muhitni sog‘lomlashtirish va xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga doir tavsiyalarni yetkazdilar.
Kampaniya doirasidagi tadbirlar xodimlarni huquqiy madaniyatini yuksaltirish, xavfsiz va qo‘llab-quvvatlovchi mehnat muhitini shakllantirish hamda jamoatchilik faolligini kuchaytirishga xizmat qildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishni, xodimlar uchun adolatli, xavfsiz va sog‘lom mehnat muhitini yaratishni ustuvor vazifalardan biri sifatida davom ettiradi.