December 14, 2023

Bir qator kelishuvlarga erishildi

Ruscha

Toshkentda joriy yilning 12-15 dekabr kunlari o‘tkazilayotgan tarmoqlararo sanoat yarmarkasida “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizim korxonalari ham ishtirok etmoqda.

Jumladan, “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqariladigan yangi turdagi sintetik yoqilg‘ilar, “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining yuqori sifatli polimer mahsulotlari, mahalliylashtirilgan quvurlar, tomchilatib sug‘orish tizimi ehtiyot qismlari, kompozit panellar, xalq iste’moli mollari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining keng spektrdagi yoqilg‘i mahsulotlaridan namunalar namoyish etilmoqda.

Joriy ko‘rgazmada ham neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari uskunalari uchun Germaniya, Italiya, Rossiya, Ukraina kabi xorijiy davlatlardan import qilinadigan yuqori quvvatli gazturbina dvigatellar, gaz agregatlari, yuqori hajmli berkitish-boshqarish qurilmalari va ularning ehtiyot qismlari uchun alohida stend tashkil etildi.

Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy korxonalar o‘rtasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muhokamalar doirasida mahalliy korxonalar bilan burg‘ilash ishlarida qo‘llaniladigan dolota va quvurlarni hamkorlikda o‘zlashtirish va ob’yektlarda sanoat tajriba sinovlaridan o‘tkazish, ta’mirlash, qayta tiklash, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha autsorsing tashkil qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar-noyabr oylarida yagona kooperatsiya portali orqali umumiy qiymati 773,1 mlrd. so‘mlik 1613 ta shartnomalar (shundan, 396,1 mlrd. so‘mlik 315 ta shartnoma yoki 51,2 % – xizmatlar, 376,9 mlrd. so‘mlik 1 298 ta shartnoma yoki 48,8 % – mahsulotlar) hamda mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha 100 ta ikkitomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi. Mazkur memorandumlar bo‘yicha “yo‘l xaritalari” shakllantirilib, ularni ijrosi yuzasidan doimiy ravishda amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga kelib ushbu hujjatlar doirasida qiymati 129,4 mlrd. so‘mlik 253 ta shartnomalar imzolandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook