September 11, 2023

“SOCAR” kompaniyasi bilan kimyoviy reagentlar va uskunalarni ishlab chiqarish imkoniyati o‘rganilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarbayjon Respublikasiga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, 2023 yil 22 avgustdagi “Ozarbayjon Respublikasi Energetika vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi o‘rtasida 2023-2025 yillarda energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”ga muvofiq “SOCAR” kompaniyasi bilan hamkorlikda gaz konlarini o‘zlashtirish uchun kimyoviy reagentlar va uskunalarni respublika hududida ishlab chiqarish imkoniyati o‘rganilmoqda.

Ushbu haftada "O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati, Guzor tumani hokimi hamda qo‘shma ishchi guruhi vakillari tomonidan Qashqadaryo viloyati hududida ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish ishlari ko‘rib chiqildi. Xususan, tumanda joylashgan iqtisodiy zonada ishlab chiqarish ob’yekti afzalliklari muhokama qilindi.

Shuningdek, ikki kompaniya malakali mutaxassislari tomonidan quduqlarni burg‘ulash va ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar va kimyoviy reagentlar tarkibi tahlili o‘tkazildi. "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi quduqlarni burg‘ilash, kapital ta’mirlash uchun importdan xarid qilinadigan 200 turdan ortiq ehtiyot qismlar nomenklaturasi, iqtisodiy va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha axborot berildi.

O‘z navbatida ishchi guruh uchun “NIPI Neftegaz SOCAR” (Ozarbayjon) negizida burg‘ilash va qazib olish korxonalari ehtiyeji uchun zarur bo‘lgan kimeviy reagentlar, uskunalarni o‘zlashtirish bo‘yicha ijobiy tajriba yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Tomonlarning kelgusi harakatlari va ishlab chiqarishning dastlabki yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha “NIPI Neftegaz SOCAR” (Ozarbayjon) bilan hamkorlikda loyihaning dastlabki konsepsiyasi va texnik iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube