November 15, 2024

Mutaxassislar Xitoydagi maxsus uskunalar ishlab chiqaradigan zavodda bo‘lishdi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi Xitoydagi neft-gaz sanoati uchun maxsus uskunalar ishlab chiqaradigan zavod faoliyati bilan tanishishdi. Tashrif Xitoy tomonining taklifiga binoan neft va gaz konlarini o‘zlashtirishda qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiya va uskunalar bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etildi.

Dastlab, zavodning ishlab chiqarish quvvatlari haqida atroflicha ma'lumot taqdim etildi. Asbob-uskunalar orasida suyuq azot bilan ta'minlovchi agregat, o‘ralgan quvurli agregatlar, shuningdek, suyuq azot-kislota kombinatsiyalangan qurilmalarga alohida e'tibor qaratildi. Bu agregatlardan neft va gaz quduqlarini ekspluatatsiya qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishda keng foydalaniladi. Konlarni ishlatishda, ayniqsa og‘ir geologik sharoitlarda ish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Hamkorlar bilan uchrashuvlarda o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan zahiralar va murakkab quduqlar unumdorligini oshirishda innovatsion yechimlarni talab qiladigan “O‘zbekneftgaz” AJ konlarida suyuq azot bloklarini qo‘llash istiqbollari muhokama qilindi. Muzokaralar davomida Xitoy kompaniyasi vakillari O‘zbekiston neft va gaz sanoati ehtiyojlariga moslasha oladigan yuqori darajadagi avtomatlashtirish va texnologik innovatsiyalarni namoyish etdi.

Tomonlar ixtisoslashtirilgan uskunalar yetkazib berish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Kompaniyamiz vakillari zavodning texnologik jihozlanish darajasini yuqori baholadi va Xitoy tomoni bilan samarali hamkorlikni yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Ushbu tashrif Jamiyatning ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va konlarda ish samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook