“Oʻzbekneftgaz” — neft-gaz tarmogʻini xalqaro dekarbonizatsiya qilish boʻyicha global tashabbus ishtirokchisi
2026-yil 10-noyabr kuni COP31 doirasida Neft-gaz tarmogʻini dekarbonizatsiya qilish xartiyasining (Oil & Gas Decarbonization Charter — OGDC) “OGDC 2026 Status Report: Strengthening Delivery” hisoboti eʼlon qilindi.
Xartiyani imzolagan kompaniyalardan biri sifatida “Oʻzbekneftgaz” AJ ham neft-gaz tarmogʻida issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, ekologik masʼuliyatni kuchaytirish va sohaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Bugungi kunda "Oʻzbekneftgaz" AJ Xartiyani imzolagan 56 ta kompaniya qatorida. Ushbu kompaniyalar dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritib, jahon neft va gaz qazib chiqarish hajmining qariyb uchdan bir qismini taʼminlaydi. Bu esa tashlamalarni kamaytirish boʻyicha mazkur tashabbusning global ahamiyatini yanada oshiradi.
COP28 doirasida yoʻlga qoʻyilgan Xartiya faoliyatiga uch yil toʻldi. Yangi hisobot ishtirokchi kompaniyalar tomonidan belgilangan ekologik maqsadlarga erishish borasida amaliy choralar koʻlami kengayib borayotganini koʻrsatadi. Xususan, issiqxona gazlari tashlamalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilayotgan, oraliq maqsadlarni belgilayotgan, metan tashlamalarini kamaytirish va gazni mashʼalada muntazam yoqishni bartaraf etish boʻyicha harakat rejalarini joriy qilayotgan kompaniyalar soni ortib bormoqda.
Hisobotda, shuningdek, xalqaro hamkorlik va tajriba almashishning amaliy natijalari yoritilgan hamda 2030-yilga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Xartiyaning asosiy maqsadlari 2050-yilga qadar yoki undan oldin operatsion faoliyat natijasida yuzaga keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini sof nol darajaga yetkazish, 2030-yilga qadar neft va gaz qazib chiqarish jarayonlaridagi metan tashlamalarini deyarli nol darajaga tushirish, 2030-yilga qadar gazni mashʼalada muntazam yoqish amaliyotini tugatishdan iborat.
Shuningdek, Xartiya ishtirokchi kompaniyalar zimmasiga Scope 1 va Scope 2 toifalariga kiruvchi tashlamalar boʻyicha 2030-yilga moʻljallangan oraliq maqsadlarni belgilash va ularni jamoatchilikka ochiq eʼlon qilish vazifasini ham yuklaydi.
Metan sizib chiqish holatlarini aniqlash va bartaraf etish (LDAR), energiya samaradorligini oshirish, issiqxona gazlari tashlamalarini hisobga olish va ular boʻyicha hisobdorlik shaffofligini taʼminlash “Oʻzbekneftgaz” AJning ekologik yoʻnalishdagi ustuvor vazifalari sirasiga kiradi.
Tadbir doirasidagi ishtirok kompaniyaga xalqaro tajriba almashish, ilgʻor texnologiya va yondashuvlarni oʻrganish, shuningdek, tashlamalarni boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.