May 19

Boshqaruv raisi Uchsoydagi qurilish loyihasiga yangi talablar qo‘ydi

Ayni paytda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining Uchsoy ishchilar shaharchasida 60 o‘rinli ishchilar yotoqxonasi hamda oshxona faoliyat yuritib kelmoqda.

Joriy yil yanvar oyida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi mazkur hududga tashrifi davomida istiqbolli maydonlarda gaz qazib chiqarish hajmlari bosqichma-bosqich oshirilayotgani, ishlar ko‘lami kengayib borayotganini inobatga olgan holda ishchilar shaharchasida 144 o‘rinli yangi yotoqxona, 80 o‘rinli zamonaviy oshxona, majlislar zali va ma’muriy bino qurish vazifalari belgilab berilgan edi.

Navbatdagi ishchi safar davomida Boshqaruv raisiga qurilish loyihasi taqdim etildi. Taqdimot jarayonida Boshqaruv raisi loyiha yuzasidan qator e’tiroz va takliflarni bildirdi.

Xususan, ishchilar uchun nafaqat yashash, balki mazmunli dam olish muhitini ham yaratish zarurligi ta’kidlandi. Majmua hududida “yashil zona” tashkil etish, ma’naviy hordiq chiqarishi uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, hududda “Uch avlod” stellasini barpo etish taklifi ilgari surildi. Bu esa  jamoada ma’rifiy muhitni yaxshilash, avlodlar vorisiyligi, mehnat an’analari va korporativ qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Boshqaruv raisi binolarni loyihalashtirishda hududning iqlim sharoitlarini inobatga olish muhimligini ham alohida ta’kidladi. Sovuq iqlim sharoitida ishlaydigan xodimlar uchun binolar issiq, qulay va energiya tejamkor bo‘lishi lozimligi bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ma’lum qilinishicha, qurilish ishlarini joriy yil avgust oyida yakunlab, majmuani Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Yangi majmua ishchilar uchun munosib tuhfa bo‘lishi ta’kidlandi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati