Natija bor, intizom yetishmayapti: geologiya va qazib chiqarishda jiddiy kamchiliklar
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov ishtirokida masʼul yoʻnalishlar, departamentlarning joriy yil boshida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga bagʻishlangan choraklik taqdimotlar sarhisobi boshlandi.
Dastlabki muhokamalar markazida sohaning hal qiluvchi yoʻnalishlari — geologiya, burgʻilash, konlarni ishlatish va qazib chiqarish jarayonlari boʻlib, ularning birinchi chorakdagi faoliyati tanqidiy va tahliliy koʻrib chiqildi. Unda Boshqaruv raisining oʻrinbosarlari va departament rahbarlari, “O’zbekgeofizika” AJ, “OʻZLITINEFTGAZ” AJ, “Neftgazmontaj” MCHJ, “UZ-GAZ PROJECTS” MCHJ boshliqlari hamda 4 ta neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari mutasaddilari videokonferens aloqa orqali ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, davlat rahbari tomonidan jamiyat oldiga eng muhim vazifa sifatida geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, yangi gaz zaxiralarini aniqlash va ularni koʻpaytirish ustuvor yoʻnalish etib belgilab berilgan edi.
Shu maqsadda yer qaʼrini chuqur oʻrganishda nafaqat Geologiya qoʻmitasi bilan hamkorlik kengaytirilmoqda, balki tajribali xorijiy investorlar ham jalb qilinmoqda. Bu esa, sohaga zamonaviy yondashuvlar va qoʻshimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish imkonini yaratmoqda.
Mazkur vazifalar ijrosi esa toʻgʻridan-toʻgʻri ikki muhim kompleks — Bosh geolog rahbarligidagi geologiya yoʻnalishi hamda Boshqaruv raisining qazib chiqarish va burgʻilash boʻyicha oʻrinbosari boshchiligidagi tegishli departamentlar faoliyatiga bogʻliq ekani qayd etildi.
Ayni paytda ushbu ikki kompleksda jami 152 ta shtat birligi mavjud. Eʼtiborli jihati shundaki, Jamiyat Markaziy apparatida maqbullashtirish choralari amalga oshirilganiga qaramasdan, mazkur yoʻnalishlarda qisqartirishlar boʻlmadi. Aksincha, boshqa boʻlimlar hisobiga qoʻshimcha yana 10 ta geolog shtat birligi joriy etildi.
Biroq, olib borilgan tahlillar geologiya yoʻnalishining joriy yil birinchi chorakdagi faoliyatida kutilgan natijalar bermaganini koʻrsatdi.
Gaz va gaz kondensati xajmini oʻstirishga qaramasdan, geologiya yoʻnalishidagi asosiy ishlar bajarilishida ortda qolishlar kuzatildi. Xususan, 3D seysmik-qidiruv ishlari rejasi 84,7 foizga, izlov-qidiruv burgʻilash ishlari esa 91,8 foizga bajarilgan, xolos.
Burgʻilash ishlarida ham shunga oʻxshash holat kuzatildi. Rejaga koʻra, 13 ta quduqni ishga tushirish belgilangan boʻlib, amalda ijrosi toʻliq taʼminlandi. Ammo, izlov-qidiruv quduqlari boʻyicha reja 10 ta boʻlgan boʻlsa, amalda 7 ta quduq ishga tushirilgan. Ishga tushirilishi rejalashtirilgan 3 ta quduqning dastlabki sinov ishlaridan sanoat miqyosidagi gaz oqimi olinmaganligi sababli ushbu quduqlarda sinov ishlari davom ettirilmoqda. Shu sababdan kunlik 500 ming kub metrgacha gaz qazib chiqarish imkoniyati boy berilmoqda.
Quduqlarni taʼmirlash ishlarida esa nisbatan ijobiy koʻrsatkichlar qayd etildi. Jami 25 ta quduqda taʼmirlash rejalashtirilgan boʻlsa, amalda 26 ta quduqda ishlar bajarildi. Joriy taʼmirlash ishlari ham rejadan ortiq bajarilib, 16 ta oʻrniga 17 ta quduq ishga tushirildi.
Boshqaruv raisi tomonidan joriy yil birinchi choragida yoʻl qoʻyilgan qoloqliklar — xususan, 3D seysmika, burgʻilash va murakkab taʼmirlash ishlaridagi kamchiliklarni birinchi yarim yillik yakunlariga qadar bartaraf etish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.
Qazib chiqarish yoʻnalishida ham holat qoniqarli emasligi qayd etildi. Uglevodorodlarni qazib chiqarish boʻyicha 13 ta texnik tadbir rejalashtirilgan boʻlib, amalda 5 ta (38 %) tadbir bajarilgan. Texnologik tadbirlarning kechikishi natijasida kunlik gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlari bajarilmagan.
Shu bilan birga, avariyaviy toʻxtalishlar soni ham oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ortgani jiddiy tanqid qilinib, barcha boshqarmalarga elektr taʼminotini barqarorlashtirish, tizimlarni ishchi holatga keltirish, sozlash va sinovdan oʻtkazishni toʻliq amalga oshirish hamda eskirgan datchiklarni yangisiga almashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida yoʻl qoʻygan jiddiy kamchiliklari uchun masʼul departament rahbariga hayfsan berildi, Geologiya departamenti boʻlim boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, samarasiz ishlagan deb topilgan departament xodimlari sonini 50 foizga qisqartirish chorasini koʻrib chiqish topshirigʻi berildi.
Yigʻilish yakunida barcha boshqarmalar oldiga tabiiy gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlarini rejaga nisbatan barqaror oʻsish surʼati bilan taʼminlash topshirigʻi yana bir bor uqtirildi.