Samarqandda “Xamsa” bilimlar musobaqasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi
Samarqand shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarning yosh mutaxassislari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Intellektual olimpiada–2025” doirasida “Xamsa” bilimlar bellashuvining final bosqichi — “Konstitutsiya kubogi” o‘tkazildi.
Ushbu yakuniy bosqichda har biri 7 nafardan iborat bo‘lgan 19 ta jamoa ishtirok etdi. Musobaqa umumiy hisobda 133 nafar yosh mutaxassisni birlashtirib, ularning kasbiy tayyorgarligi, intellektual salohiyati va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini namoyon etishiga imkon yaratdi.
Ishtirokchilar energiya sohasi, huquqiy bilimlar, texnologik jarayonlar, tarix va umumiy savodxonlikka oid murakkab savollarga javob berib, o‘z jamoasining birinchi o‘rin uchun kurashda qat’iyatini ko‘rsatishdi.
• 1-o‘rin — Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi jamoasiga;
• 2-o‘rin — “O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparati jamoasiga;
• 3-o‘rin — Buxoro neftni qayta ishlash zavodi jamoasiga jamoasiga nasib etdi.
G‘oliblar hamda faol ishtirok etgan yoshlar sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida musobaqa tashkilotchilari mazkur intellektual loyihaning yosh kadrlar salohiyatini oshirish, tarmoqqa malakali mutaxassislarni yetishtirish va ularni rag‘batlantirishdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladilar.