"Bu majmua — inson mehnati va qadriga boʻlgan eʼtibor ifodasi" — A. Sanginov
Bugungi kunda “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulugʻlash va odamlarni rozi qilish tamoyili asosiy mezonga aylangan. Jamiyat Boshqaruvi Raisi Abdugʻani Sanginov rahbarligida xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda farovonligini taʼminlash ishlari yangi bosqichga koʻtarildi.
Bu eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida, bugun — 9-sentabr kuni Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi obyektlarining asosiy qismi joylashgan Moʻynoq tumanida yana bir muhim ijtimoiy majmua foydalanishga topshirildi. “Uchsoy” shaharchasida xodimlar uchun yangidan qurilgan zamonaviy majmuaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yangi majmua nafaqat ishchi-xizmatchilar uchun qulay sharoit yaratish, balki chekka hududlarda mehnat qilayotgan mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash va ular uchun munosib yashash sharoitlarini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Majmua 144 oʻrinli shinam yotoqxona, 80 oʻrinli zamonaviy oshxona, yangi maʼmuriy bino hamda sport va sogʻlomlashtirish maydonini oʻz ichiga olgan boʻlib, ishchi-xodimlarning madaniy va maishiy ehtiyojlarini toʻliq taʼminlashga xizmat qiladi.
Tadbirda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi A.Sanginov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Moʻynoq tuman hokimi Baxtiyar Menglibekovlar hamda nuroniylar, soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning eng hayajonli va tarixiy voqealaridan biri — “Uch avlod stellasining ochilishi boʻldi.
— Biz bugun shunchaki yangi bino yoki stella ochmayapmiz, balki inson mehnatiga boʻlgan yuksak hurmat va avlodlar davomiyligiga muhr qoʻyapmiz. Poydevorsiz bino boʻlmaganidek, ustozsiz kasb, oʻtmishsiz esa kelajak boʻlmaydi. Tizimda kim qayerda va qanday ogʻir sharoitda ishlashidan qatʼi nazar, har bir xodimimiz uchun munosib sharoit yaratish borasidagi ishlarimiz izchil davom etadi. Ustozlar qadrlangan joyda inson qadri yuksaladi, mehnatga hurmat va kelajakka ishonch mustahkamlanadi, — dedi tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi.
Tantanali marosim doirasida koʻp yillar davomida soha rivojiga hissa qoʻshgan zahmatkash faxriylar va ayni paytda fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi xodimlariga hamda Rossiyada boʻlib oʻtgan nufuzli “PROFNEFT” xalqaro kasb mahorati tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan “Ustyurt geofizika ekspeditsiyasi” filialining Ustyurt kon-geofizika partiyasi xodimlariga qimmatbaho esdalik sovgʻalari va Boshqaruv raisining faxriy yorliqlari topshirildi. Ushbu eʼtibor soha xodimlariga boʻlgan yuksak hurmat va ehtiromning yana bir yorqin namunasi boʻldi.
Mehmonlar majmuada yaratilgan yuqori darajadagi sharoitlar va qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar. Ishchi-xodimlar yangi ishga tushirilgan, bayramona bezatilgan oshxonaning ilk mehmonlari sifatida tushlik qildilar. Toʻkin dasturxon atrofidagi bayram tadbiri Moʻynoq tumani milliy folklor “Aydin” ashiqlar ansamblining kuy-qoshiqlari va jozibali konsert dasturi bilan davom etdi.
Qayd etish joizki, umumiy maydoni 110 ming kv.km boʻlgan Ustyurt mintaqasining 98 foizi neft va gazga boy istiqbolli hudud hisoblanadi. Bu yerda geologiya-qidiruv ishlari 1960-yillardan boshlangan boʻlib, mustaqillik yillarida 25 ta gazkondensat koni kashf etilishi natijasida, 1997-yilda konlarni tizimli boshqarish uchun Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tashkil etilgan.
Bugungi kunda boshqarmada 939 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda korxona tomonidan 13 ta gaz va gazkondensat konlari hamda 299 ta quduq samarali ishlatilmoqda.