“O‘zbekneftgaz” delegatsiyasi Niderlandiyada o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etdi
Amerikaning "Honeywell" kompaniyasi taklifiga binoan, “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari Niderlandiyaning Gaaga shahrida o‘tkazilgan 33-yillik “Honeywell Users Group (HUG) EMEA” konferensiyasida ishtirok etdi.
“Empowering change, securing tomorrow” (“O‘zgarishlarga kuch berish, ertangi kunni xavfsiz ta’minlash”) shiori ostida bo‘lib o‘tgan konferensiya neft-gaz sanoatida texnologik o‘zgarishlarni amalga oshirish, xavfsiz va barqaror ishlab chiqarishga o‘tish, ilg‘or raqamli yechimlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir davomida raqamlashtirish, sun’iy intellekt va xavfsizlikka qaratilgan innovatsiyalar asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi.
Konferensiya doirasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, operatsion xatarlarni kamaytirish va aktivlarni optimallashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli egizaklar (digital twins) texnologiyalaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Honeywell” ekspertlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va yangi loyihalarni belgilashga xizmat qildi.
Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJda raqamli transformatsiya jarayonlari izchil amalga oshirilmoqda. Qazib chiqarish hajmini oshirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, analitik tizimlarni rivojlantirish hamda operatsion jarayonlarda shaffoflikni kuchaytirish maqsadida sun’iy intellekt bilan bog‘liq loyihalar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Hamkorlikni davom ettirish maqsadida joriy yil noyabr oyi oxirida Toshkent shahrida "Honeywell" mutaxassislari ishtirokida qo‘shma seminar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.