December 29, 2025

Muammolar ochiq aytildi, yechimlar belgilab olindi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining joriy faoliyati, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, mavjud muammolar hamda erishilgan natijalari bilan tanishdi.

Xabaringiz bor, majmua yillik loyihaviy quvvatiga muvofiq tabiiy gazni qayta ishlash orqali tozalangan gaz, polietilen, suyultirilgan gaz, gaz kondensati va oltingugurt granulasini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hisobot davrida asosiy mahsulotlar bo‘yicha belgilangan rejalar umumiy hisobda, bajarilgan bo‘lsa-da, ayrim yo‘nalishlarda o‘sish sur’atlari ta’minlanmagani qayd etildi.

Ishlab chiqarish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri sifatida moliyaviy intizom masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, debitor va kreditor qarzdorlikning mavjudligi, tayyor mahsulot qoldiqlarining ortib ketishi hamda mahsulot sotishdan olinayotgan sof tushumning pasayishi yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi. Ushbu holatlar yuzasidan korxona faoliyatida tizimli yondashuvni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda oxirgi yillarda sodir bo‘lgan rejasiz avariyaviy to‘xtalishlar masalasi ham muhokama qilindi. Shu sabab majmuada qo‘shimcha sof daromad yo‘qotilgani, bu esa, "GTL" zavodi iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani tilga olindi. Texnologik intizomni kuchaytirish, profilaktik ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish zarurligi alohida urg‘ulandi.

Yig‘ilish davomida ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadigan ayrim uskunalarning ma’nan eskirgani, servis va ta’mirlash ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘tarildi.

Yig‘ilish yakunida korxonadagi xomiylik ishlari tanqid qilinib, asosiy e’tiborni mahsulot ishlab chiqarish va ishchi xizmatchilar sharoitlarini yaxshilashga qaratish zarurligi bildirildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati