Ozarbayjonda Kompaniyaning “yashil burchagi” barpo etildi
Kompaniya delegatsiyasi Baku energetika haftaligi doirasida tashkil etilgan ekologik tashabbus — daraxt va gullar ekish aksiyasida ishtirok etib, atrof-muhitni asrash borasidagi global harakatga o‘z hissasini qo‘shdi.
Bakuda o‘tkazilayotgan energetika haftaligi doirasidagi muhim tashabbuslardan biri Baku Expo markazi hududini ko‘kalamzorlashtirish aksiyasi bo‘ldi. Unda “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi.
Ekologik barqarorlik, ESG tamoyillari va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu tashabbusda jahonning 50 ga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari ishtirok etdilar.
Ozarbayjon Respublikasidagi yirik xalqaro tadbirlar o‘tkaziladigan Baku Expo markazi hududida amalga oshirilgan ushbu ko‘kalamzorlashtirish loyihasi nafaqat energetika va neft-gaz sohasidagi hamkorlikni, balki ekologik va ijtimoiy mas’uliyat masalalariga ham katta e’tibor qaratilayotganini namoyon etdi.
Endilikda ushbu markazda “O‘zbekneftgaz” AJ nomidan ekilgan daraxt va gullar burchagi ham mavjud bo‘lib, bu kompaniyaning barqaror rivojlanishga bo‘lgan sodiqligidan dalolat beradi.