Markaz va quyi tizim o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish – asosiy vazifa
“O‘zbekneftgaz” AJda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ikkinchi chorak birinchi o‘n besh kunligi sarhisobi va keyingi ustuvor vazifalar hamda tarmoqda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Dastlab Boshqaruv raisi tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq, har bir o‘rinbosar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yirik zavodlarda olib borgan birinchi chorak yakunlari natijalari bo‘yicha o‘rganishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, davlat rahbari tomonidan belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini tizimli tashkil etish, moliyaviy intizomni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda markaziy apparat va quyi tizim korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, rahbarlar tomonidan joylarga chiqqan holda ishlarni tashkil etish, ishchi-xodimlar bilan bevosita muloqot qilish orqali natijadorlikka erishish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga kun tartibida korxonalarda mustaqil elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish jarayonlarida yuzaga kelayotgan uzilishlarning oldini olish masalalari ham tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Mas’ul rahbarlarga elektr ta’minotidagi muammolarni chuqur o‘rganish, iqtisodiy jihatdan asoslangan takliflar ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, ijro intizomini mustahkamlash, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.