Yesterday

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qish mavsumi uchun benzin ishlab chiqarish va ichki bozor ta’minotiga ko‘rilayotgan choralar haqida

Yil boshidan buyon dunyodagi beqaror geosiyosiy vaziyat, asosiy ishlab chiqaruvchi davlatlarda muvozanat tubdan o‘zgargani hamda mamlakatimizga xom ashyo va tayyor neft mahsulotlari importi keskin kamayganiga qaramasdan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirish, aholini neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Jamiyat tizimidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan joriy yil boshidan buyon shu vaqtga qadar jami 916,1 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Bu belgilangan rejaga nisbatan 101 foizni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati ham shu ko‘rsatkichni tashkil etmoqda.

Jumladan, “O‘zbekneftgaz” tomonidan joriy yilning noyabr oyida 103,3 ming tonna (2025 yilning shu davrida 87,2 ming tonna), dekabr oyida esa 123,1 ming tonna (o‘tgan yilning shu davrida 90 ming tonna) benzin ishlab chiqarib, yil yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmini 1 100 000 tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga (1 030 600 tonna) nisbatan 107 foizni tashkil etadi.
Bugungi kunda zavod tomonidan sutkasiga o‘rtacha 3 200-3 400 tonna (2025 yilda o‘rtacha 2 800 tonna) benzin ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, qish mavsumida ichki bozorni benzin bilan barqaror ta’minlash maqsadida zavod hamda tizimdagi neft bazalar omborlarida jami 102 ming tonna benzin zaxirasi shakllantirilgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 ming tonnaga (77 ming tonna) ko‘p bo‘lib, mavjud zaxiralar ikki oylik iste’mol hajmini qoplash imkonini beradi.

Ma’lumki, qishda havo sovishi bilan metan gazi quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Bunday holatda esa, tabiiyki, aholi ko‘proq benzindan foydalanadi. “O‘zbekneftgaz” avvalgi yillardagi to‘plangan tajriba va aholini sifatli benzin bilan ta’minlash dasturiga muvofiq talab oshgan taqdirda birja savdolariga chiqariladigan benzin miqdorini kuniga 8 ming, ehtiyoj yana ko‘payganda 10 ming tonnagacha yetkazish imkoniyatini ham hisobga olgan.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihat. Aholini benzin bilan ta’minlash faqatgina “O‘zbekneftgaz” AJ zimmasidagi masala emas. Bozorda xorijdan mahsulot keltiruvchi xususiy tadbirkorlik subyektlari ham katta foizni egallaydi. Ular tomonidan olib kelinayotgan benzin importi hajmi joriy yilning iyun oyidan boshlab keskin kamayganini alohida ta’kidlash o‘rinli. Xususan, oktyabr oyida import hisobiga ichki bozorga jami 5,5 ming tonna benzin yetkazib berilgan. Biroq shunga qaramay “O‘zbekneftgaz” tomonidan bugungi kunda birja savdolariga kunlik jami 4,6 ming tonna benzin (2025 yilda o‘rtacha 2,2 ming tonna), shu jumladan, 4,3 ming tonna AI-92 rusumli benzin muntazam ravishda joylashtirib borilmoqda. Shu bilan birga, mavsumda ichki bozordagi talabni qondirish hamda ehtimoliy taqchillikning oldini olish maqsadida tizim korxonasi tomonidan tayyor benzin importini amalga oshirish choralari ham ko‘rilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qish mavsumida metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilishi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlarning tarqalishi ham bozordagi vaziyatga ma’lum darajada salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada ayrim xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari benzin taqchil bo‘lib qolishidan xavotirlanib, oldindan ko‘proq mahsulot xarid qilishga va zaxira to‘plashga harakat qilishi kuzatilmoqda. Bu esa birja savdolarida xaridorlar soni va talabning ortishi, o‘z navbatida, narxlarning ham oshib ketishiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Tashqi bozorda xalqaro neft kotirovkalari kundan kunga tebranishiga qaramasdan, “O‘zbekneftgaz” tomonidan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzinning boshlang‘ich narxi aprel oyidan buyon o‘zgarmay, 1 tonnasi uchun 14 million so‘mni tashkil etmoqda.

Shu bois, birja savdolaridagi narxlar dinamikasini baholashda nafaqat ishlab chiqarish hajmlari va mavjud zaxiralar, balki bozor ishtirokchilarining xarid faolligi, mavsumiy kutilmalar hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarning bozordagi talabga ta’sirini ham inobatga olish lozim.
Bir so‘z bilan aytganda “O‘zbekneftgaz” o‘z vakolati doirasida qish mavsumida aholini sifatli benzin bilan uzluksiz ta’minlash borasida muhim dasturlar ishlab chiqib, ularning ijrosi bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rmoqda.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati