Today

Davlat rahbari topshiriqlari ijrosi: Yil yakuniga qadar muhim vazifalar belgilandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida jamiyatning ishlab chiqarish va investitsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda davlat rahbari huzurida “O‘zbekneftgaz” AJning 2026 yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari, erishilgan natijalar hamda yil oxiriga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot yakunlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Qayd etish joizki, prezidentimiz tomonidan “O‘zbekneftgaz” oldiga kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, aholi, ijtimoiy soha obyektlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini tabiiy gaz va neft mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Shu munosabat bilan uglevodorod xomashyosi resurs bazasini mustahkamlash, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqaror saqlash va oshirish, mavjud konlarda qazib chiqarish pasayishining oldini olish, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish hamda geologik-texnik tadbirlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda sohada raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarni keng joriy etish, geologik ma’lumotlarni tahlil qilish tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarida tahliliy yondashuvni kuchaytirish hamda boshqaruv qarorlari samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, moddiy-texnika resurslari ta’minotini tizimli tashkil etish, 2027 yilgi geologik-texnik tadbirlar uchun ehtiyojlarni oldindan shakllantirish, aviakerosin va dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, paxta yig‘im-terimi mavsumida fermer xo‘jaliklarini dizel yonilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash choralarini ishlab chiqish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish maqsadida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlarida qazib chiqarish pasayishini kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, joriy yil sentyabr oyi yakuniga qadar “Shimoliy Berdaq” va “Sharqiy Berdaq” konlaridagi kichik kompressor stansiyalarini barcha obodonlashtirish ishlari bilan birga to‘liq tayyor holda foydalanishga topshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Muhokama yakunida Boshqaruv raisi barcha mas’ul rahbarlar zimmasiga belgilangan vazifalarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini bajarish, yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish, infratuzilma obyektlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish va ijro intizomini yanada kuchaytirish talabini qo‘ydi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati