“O‘zbekneftgaz” tizimida fuqaro muhofazasi oyligi boshlandi
“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” tadbirlari boshlandi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasining maxsus bayoni hamda Jamiyatning buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Shunga muvofiq, joriy yilning 1 aprelidan 1 mayiga qadar Jamiyat tizimida keng qamrovli amaliy va tashkiliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
• tasarrufdagi barcha obyektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlar kuchaytirilmoqda;
• xodimlar va hududlarni muhofaza qilish, shuningdek, quyi tizim boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarning tayyorgarligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda;
• o‘quv mashqlari, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etilib, targ‘ibot materiallari tarqatilmoqda.
Shuningdek, barcha korxona va tashkilotlarda rahbarlar, ishchi-xizmatchilarni favqulodda vaziyatlarda, jumladan kuchli zilzilalarda to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilmoqda.