Islohotlar sur’ati oshiriladi: “Oʻzbekgeofizika” AJda yangi rahbar ish boshladi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Suhrob Xamrayev “Oʻzbekgeofizika” AJda tanqidiy-tahliliy yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilish davomida geologiya-qidiruv ishlarining bugungi kun talablariga mos kelmayotgani, uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish, zamonaviy seysmik tadqiqotlarni kengaytirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish borasida mavjud kamchiliklar sanab o‘tildi. Jamiyat faoliyatida islohotlarni jadallashtirish, ilmiy-texnik salohiyatni mustahkamlash va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan Jamiyat tarkibidagi geologiya tarmogʻini rivojlantirish yuzasidan belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarining natijadorligini oshirish kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar ekani ta’kidlandi.
Yigʻilishda neft va gaz sohasida katta tajriba to‘plagan Shokir Jabborov “Oʻzbekgeofizika” AJ Boshqaruv raisi lavozimiga tayinlangani eʼlon qilinib, jamoaga tanishtirildi.
Yangi rahbar oldiga geologiya-qidiruv ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, sohada zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va eng ilg’or texnologiyalarni joriy etish, uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha ishlarni tez fursatlarda jadallashtirish hamda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.