March 10

Endilikda har oyning oxirgi jumasi bosh energetiklar uchun hisobdorlik kuni bo‘ladi

“O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxona va boshqarmalarining bosh energetiklari ishtirokida navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda elektr va issiqlik energiyasi hamda suv ta’minoti tizimlarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning yanvar–fevral oylarida sohada amalga oshirilgan ishlar, energetik qurilmalarning texnik holati va energiya resurslarini tejash bo‘yicha ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.

Shuningdek, korxona va boshqarmalarda “Elektrotexnik laboratoriya” xizmatini tashkil etish, zarur asbob-uskunalarni xarid qilish hamda malakali mutaxassislarni ishga qabul qilish jarayonlari haqida hisobotlar tinglandi. Shu bilan birga, elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan ayrim uzilishlar, ularning sabablari va oldini olish choralari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida jamiyat tasarrufidagi korxonalarning elektr xo‘jaligi, qozonxonalar, nasos stansiyalari va suv ta’minoti tizimlari kabi energetik infratuzilma obyektlarining texnik holati tahlil qilinib, ularni ta’mirlash, profilaktika va modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar bildirildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va energetik qurilmalarning xavfsiz hamda ishonchli ishlashini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunida energetika sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida har oyning birinchi juma kuni “Bosh energetik hisoboti kuni” sifatida belgilab olindi.
Sohadagi muammolarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va uning ijrosini doimiy nazoratga olish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati