Barcha yo‘nalishlarda natijadorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi
Bugun “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida jamiyatning 2026-yil ikkinchi yarim yilligiga tayyorgarlik, qazib chiqarish ko‘rsatkichlari, geologiya-qidiruv ishlari hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Unda davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalar va maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Xususan, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarida kuzatilayotgan tabiiy pasayish tendensiyalari, ayrim konlarda reja ko‘rsatkichlaridan ortda qolish holatlari hamda geologik-texnik tadbirlar samaradorligi yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi.
Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlari doirasida amalga oshirilayotgan 3D seysmik tadqiqotlar, izlov-qidiruv va ekspluatatsiya quduqlarini burg‘ilash ishlarining borishi tahlil qilinib, belgilangan rejalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar berildi. Ayniqsa, istiqbolli maydonlarda yangi zaxiralarni aniqlash va qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Boshqaruv raisi tomonidan jamiyat tizimidagi barcha departament va boshqarma rahbarlariga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini qayta tahlil qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, erishilmagan natijalarni qoplash hamda yillik ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni jadallashtirish topshirildi.
Shu bilan birga, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish, ishlab chiqarish obyektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, energiya resurslari va texnologik qurilmalarning ishonchli faoliyatini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralarni o‘z vaqtida amalga oshirish vazifasi belgilandi.