“Uzbekistan GTL”da 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari sarhisob qilindi
“Uzbekistan GTL” zavodida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari ishtirokida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda korxonaning birinchi yarim yillikda erishgan ishlab chiqarish va moliyaviy natijalari, belgilangan ko‘rsatkichlar ijrosi hamda asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Muhokamalar davomida korxona tarixida ilk bor ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 100 foizga yetkazilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, korxona tomonidan ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha erishilgan natijalar ijobiy baholanib, faoliyat samaradorligini yanada oshirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.
Ikkinchi yarm yillikda erishilgan yuqori natijalarni saqlab qolish hamda belgilangan rejaviy ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Xususan, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ishlab chiqarish quvvatlarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini 100 foizda saqlab qolish, ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlarning to‘liq bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga qat’iy topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.