Natijadorlik, intizom va mas’uliyat — navbatdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi
“O‘zbekneftgaz” AJda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, tijorat, xaridlar, mahalliylashtirish, raqamlashtirish hamda axborot xavfsizligi yo‘nalishlari bo`yicha Boshqaruv raisi o`rinbosari va mas'ul departamentlar faoliyatiga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, mavjud kamchiliklar, foydalanilmayotgan imkoniyatlar, ijrosi sust kechayotgan vazifalar va ayrim yo‘nalishlardagi past natijadorlik holatlari tahliliy ko`rib chiqildi.
Jumladan, aholini sifatli neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash choralarini ko'rish zarurligi ta'kidlanib, neft mahsulotlarini ishlab chiqarishda mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, xomashyo barqarorligini ta’minlash hamda modernizatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Ayrim masalalarda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagani va bu ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tilga olindi.
Tijorat yo‘nalishida tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish samaradorligini oshirish, mahsulot qoldiqlarini maqbullashtirish, logistika va eksport jarayonlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Mavjud bozor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va mahsulotlarni o‘z vaqtida iste’molchiga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yig'ilishda tayyor mahsulotlar realizatsiyasida o'z vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun departament rahbariga hayfsan berildi.
Xaridlar va import faoliyati yuzasidan rejalashtirish va logistika tizimlarini takomillashtirish, xarid jarayonlaridagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda ishlab chiqarish ehtiyojlaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini jadallashtirish, texnik topshiriq ishlab chiqish, xaridlar yuzasida monitoring o'tkazish va umuman xarid jarayonini yanada soddalashtirish yuzasida mas'ullarga ko'rsatma berildi.
Raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirilib, ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini raqamli transformatsiya qilish, avtomatlashtirish loyihalarini jadallashtirish, xaridlar tizimini savdo platformalariga integratsiya qilish hamda belgilangan topshiriqlar ijrosini amaliy natijalar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Mahalliylashtirish yo‘nalishida yangi ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish, mahalliy kontent ulushini oshirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda mexanik ta'mirlash yo`nalishidagi chora tadbirlarni tez va sifatli bajarish topshirig`i berildi.
Shuningdek, axborot xavfsizligi yo‘nalishida zamonaviy himoya infratuzilmasini yaratish, axborot tizimlari barqarorligini ta’minlash va sohaga oid loyihalarni yakuniga yetkazish, hududlardagi ishlatilayotgan serverlar va tizimlarni qayta ko'rib chiqish aytib o'tildi.
Yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, ijro intizomini kuchaytirish, har bir yo‘nalish bo‘yicha natijadorlikni oshirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.